O‘zA O`zbek

23.08.2018 17:08 Chop etish versiyasi

Hayit kunlari bildirilgan tilak ijobat boʻladi

Hayit kunlari bildirilgan tilak ijobat boʻladi
Qurbon hayiti nishonlanayotgan shu kunlarda Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi “ Gulistonobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Mohigul Hojiyevaga qoʻshaloq bayram boʻldi.

Koʻmakka muhtoj bu ayol Qurbon hayitini mukammal taʻmirlangan oʻz uyida nishonladi. Koʻplab ezgu amallar qilinayotgan shu kunlarda yolgʻiz farzandi bilan yashayotgan Mohigul Hojiyeva yordam qoʻlini uzatgan insonlarga minnatdorlik bildiradi.

Yolgʻiz onaning uyi ancha yillardan buyon koʻrimsiz, taʻmirtalab holga kelib qolgan edi. Uyda koʻngildagidek yashash uchun sharoitlar ham yetarli emasdi. Mohigul Hojiyevaning ahvolni oʻnglashga qoʻli kaltalik qilardi. Xullas, ayolga tuman hokimligi, mahalla fuqarolar yigʻini va homiy tashkilotlar tomonidan ijtimoiy yordam koʻrsatildi. Uyning tomi taʻmirlandi, xonalar pol qilindi. Zamonaviy materiallardan tayyorlangan eshik va derazalar oʻrnatildi.

– Muhtojlik yomon, nimalarnidir orzu ham qila olmay qolasan. Uyimni qachon taʻmirlay olishimni bilmasdim, – deydi M.Xojiyeva. – Yaxshiliklari bilan uyimizni, koʻngilimizni obod etganlarning topganiga baraka bersin. Oilalridan xotirjamlik arimasin.

Ezgulik koʻngillarda umid uygʻotadi. Muborak kunlarda Gʻijduvon tumanida koʻplab xayrli ishlar amalga oshirildi. “Chagʻdari” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj Jabborov va Ashurovlar oilasi koʻrsatilgan koʻmakdan mamnun. Ularning farzandlari Farruxjon va Dilafroʻzning nikoh toʻyiga mahalla faollari va homiylar bosh boʻldi.

Erkin Yodgorov, OʻzA
3 100