O‘zA O`zbek

28.09.2019 Chop etish versiyasi

Haydovchiga nisbatan qoʻllanilgan maʼmuriy huquqbuzarlik notoʻgʻri boʻlib chiqdi

Haydovchiga nisbatan qoʻllanilgan maʼmuriy huquqbuzarlik notoʻgʻri boʻlib chiqdi

Fuqaro Botir Baxranov joriy yil 18-aprel kuni Buxoro shahridagi Islom Karimov koʻchasida oʻzining “Neksiya” yengil avtomashinasini boshqarib borayotganda shahar yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimi xodimi tomonidan toʻxtatilib, tekshiriladi va unga “Yoʻl harakati qoidalarining 3-ilovasi 7.3-bandi talablarini buzganligi bildiriladi hamda MJtKning 126-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.

Xodim bunday qarorga kelishida avtomashinaning orqa yon eshik oynalariga haydovchi oʻrnidan tevarak-atrofni koʻrishni cheklaydigan qoʻshimcha narsa oʻrnatilgan transport vositasidan foydalanganini asos qilib koʻrsatgan.

Tabiiyki, Botir Baxranov esa bayonnoma tuzilishiga eʼtiroz bildiradi. U YHXB xodimiga “Yoʻl harakati qoidalari”ning 3-ilovasi 7.3-bandi talablarini buzmaganligini, avtomashina orqa yon eshik oynalariga parda oʻrnatilgani qonunda taqiqlanmaganligini aytadi.

Ammo shunga qaramasdan, “Neksiya” mashinasi jarima maydonchasiga joylashtiriladi. Shundan soʻng haydovchi avtomashinasini jarima maydonchasidan olib chiqish uchun Buxoro shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimining maʼmuriy amaliyoti qarori bilan tayinlangan jarimani toʻlaydi. Lekin fuqaro unga nisbatan notoʻgʻri bayonnoma tuzilganligidan qattiq ranjiydi, asabiylashadi. Koʻrilgan chora nechogʻli asosligiga aniqlik kiritish uchun dastlab “Oʻzstandart” agentligiga murojaat etadi.

Mazkur idora fuqaroning haqligini tasdiqlaydi. ”Oʻzstandart” agentligi tomonidan berilgan javob xatiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalda boʻlgan davlatlararo standart GOST 33988-2016 “Avtomobilnыye transportnыye sredstva. Obzornost s mesta voditelya. Texnicheskiye trebovaniya i metodы ispыtaniya”ning 2.12-bandiga muvofiq, haydovchining joyidan tevarak-atrof koʻrinishi maydonining ustki chegarasi deb, haydovchi koʻzlari va jami maydonining ostki chegarasini tashkil qiladigan, uchta boshqa tekisliklar darajasida oʻtadigan, gorizontal tekislik orasida joylashgan, 180 gradus sektorda old koʻrinishning shartli maydoni hisoblanishi maʼlum qilinadi.

Bu xulosa B.Baxranovga yana bir nufuzli va ayni paytda daxldor idora – Oʻzbekiston Respublikasi IIV Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasiga ham murojaat bilan chiqishga asos boʻladi. Bu gal olingan javob xatiga koʻra ham, u yana haq. Aniqrogʻi, Bosh boshqarma tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-iyuldagi 191-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari boʻyicha xavfsizlik toʻgʻrisida”gi umumiy texnik reglamentining 5-bandida hamda Respublika hududida amalda boʻlgan GOST 33988-2016 davlatlararo standartning 2.12-bandida “haydovchining joyidan tevarak-atrof koʻrinishi”ga tushuncha berilganligi maʼlum qilinadi. Unga asoslanib xulosa qilinadigan boʻlsa, MJtK 126-moddasining 1-qismida texnik reglamentga muvofiq boʻlmagan koʻzgusimon va (yoki) tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan, xuddi shuningdek haydovchining oʻrnidan tevarak-atrofni koʻrishni cheklaydigan qoʻshimcha narsalar oʻrnatilgan yoki qoplamalar surtilgan transport vositalaridan foydalanganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan. Demak, yuqorida tilga olingan GOST va texnik reglament talablariga muvofiq avtomashina orqa yon eshiklari haydovchi oʻrnidan tevarak-atrofga kirmasligi sababli B.Baxranovning harakatlarini ushbu modda bilan malakalab boʻlmaydi. Bundan tashqari, “Yoʻl harakati qoidalari”da yoki boshqa qonunlarda avtomashina orqa yon eshiklariga parda oʻrnatish taqiqlanishi koʻrsatilmagan.

Yuqoridagi dalillarni keltirgan holda avtomashina egasi Botir Baxranov Buxoro shahar prokuraturasiga rasmiy murojaat qiladi. Prokuratura holatni oʻrganib, qonunga zid holda bayonnomani bekor qilish toʻgʻrisida shahar yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimiga protest kiritadi. Shundan soʻng boʻlim mazkur ishni koʻrib chiqish yuzasidan maʼmuriy sudiga ariza bilan murojaat qiladi.

Joriy yil 6-sentyabrda shahar maʼmuriy sudi ishni koʻrib chiqdi. Tomonlar va tegishli soha vakillari ishtirokida oʻtkazilgan sudda holatga aniqlik kirituvchi hujjatlar koʻrib chiqildi va fikrlar eshitildi.

“Oʻzstandart” agentligi Buxoro sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasining sertifikatlashtirish idorasi rahbari Farhod Irisov Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalda boʻlgan tegishli davlatlararo standartda avtotransport vositalarini orqa yon eshik oynalariga parda oʻrnatish taqiqlanishi haqidagi qoidalar mavjud emasligini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 4-iyuldagi 191-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari boʻyicha xavfsizlik toʻgʻrisida”gi umumiy texnik reglamentning 73-bandida transport vositasini boshqarayotgan haydovchi oʻz oldidagi yoʻlni toʻsiqsiz koʻrish imkoniyatiga va shuningdek transport vositasining oʻng hamda chap tarafida tevarak-atrofni koʻrish imkoniyatiga ega boʻlishi lozimligi, haydovchi oʻrnidan tevarak-atrofni koʻrishni cheklovchi qoʻshimcha narsalar yoki qoplamalar boʻlishi taqiqlanishi belgilanganligini taʼkidladi. Ayni paytda yuqoridagi GOST talablariga muvofiq M-1 toifadagi avtomashinalarni orqa yon eshik oynalari haydovchi oʻrnidan tevarak-atrof koʻrinishi lozim boʻlgan maydon hisoblanmasligini, texnik reglamentga muvofiq koʻzgusimon yoki tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynalarning yorugʻlik oʻtkazuvchanligi 70 foizdan kam boʻlgan taqdirda ushbu avtomashinalardan foydalanish taqiqlanib, bundan oynalar tusini oʻzgartirish (qoraytirish) uchun tegishli ruxsatnoma berilgan transport vositalari mustasno ekanligini, shuningdek parda oʻrnatilgan oynada yorugʻlik oʻtkazuvchanligi darajasini tekshirish imkoni mavjud emasligini, qolaversa, parda oʻrnatilishi oynalarning tusini oʻzgartirish (qoraytirish) hisoblanmasligini bayon qildi.

Sudda soʻralgan viloyat IIB YHXB yoʻl-patrul xizmati faoliyatini tashkil etish va maʼmuriy amaliyot guruhi katta inspektori Iskandar Toʻxtayev holat yuzasidan tegishli meʼyoriy va huquqiy hujjatlar asosida oʻz fikrlarini bildirgan holda, Buxoro sinov va sertifikatlashtirish markazi davlat korxonasi sertifikatlashtirish korxonasi rahbari F.Irisovning koʻrsatmalariga eʼtirozi yoʻqligini taʼkidladi.

Sud, ish boʻyicha huquqbuzar va mutaxassislarning koʻrsatmalari hamda prokuror fikrini tinglab, ishda mavjud va sud majlisi davomida aniqlangan holatlar va toʻplangan hujjatlarga asoslanib, quyidagilarga koʻra B.Baxranovning harakatlarida huquqbuzarlik alomatlari yoʻqligi sababli ishni tugatishni lozim deb topdi.

– Maʼmuriy huquqbuzarlikning oʻzi nima?, – deydi Buxoro shahar maʼmuriy sudi raisi Ruslan Zairov. – Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 10-moddasida belgilanishicha, qonun hujjatlariga binoan, maʼmuriy huquqbuzarlik deganda, maʼmuriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi gʻayrihuquqiy, (qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida) sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik tushunilishi nazarda tutilgan. Shu nuqtayi nazardan sudimizda koʻrilgan holatga baho beriladigan boʻlsa, uning maʼmuriy huquqbuzarlikka aloqasi yoʻq. Yana taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrda qabul qilingan 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yoʻl harakati qoidalari”ning 3-ilovasi 7.3-bandida haydovchining joyidan tevarak-atrof koʻrinishini cheklaydigan qoʻshimcha narsalar oʻrnatilgan va qoplamalar tushirilgan boʻlsa, 7.4-bandida esa barcha turdagi transport vositalari old, yon oynalarining yorugʻlik oʻtkazuvchanligi 70 foizdan kam boʻlsa, transport vositalaridan foydalanish taqiqlanishi koʻrsatilgan boʻlib, ushbu bandga berilgan izohda III klass M3 toifadagi avtotransport vositalarining orqa va yon oynalariga pardalar, ikki yonga orqa tomonni koʻrish uchun tashqi koʻzgusi mavjud boʻlgan barcha toifadagi avtotransport vositalari orqa oynalarining tusini yorugʻlik oʻtkazuvchanligi cheklanmagan darajada oʻzgartirishga (qoraytirishga), shuningdek, ushbu orqa oynalarga parda (chiy parda, darparda) oʻrnatishga ruxsat berilishi qayd etilgan.

Xullas, yuqoridagi holatda fuqaro Baxranovga nisbatan yoʻl harakati xavfsizligi xodimi qoʻllagan chora asossiz. Oʻzbekiston Respublikasi MJtK 271-moddasining 1-qismida maʼmuriy huquqbuzarlik hodisasi yoki alomatlari yoʻq boʻlsa maʼmuriy huquqbuzarlik ishini boshlash mumkin emasligi, boshlangan ishlar esa tugatilishi lozimligi belgilangan.

Sud, shunga asoslangan holda va mazkur Qonunning 245-, 309-, 310-311-, 3241-, 3243-moddalariga amal qilib, ishning haqiqiy holatlaridan kelib chiqib, B.Baxranovning transport vositasini orqa yon eshik oynalariga parda oʻrnatgan holda foydalanib kelganlikda ifodalangan harakatlarida MJtK 126-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud emas deb topib, unga nisbatan boʻlgan maʼmuriy huquqbuzarlik ishini tugatishni toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Shu bilan salkam besh oy davom etgan masalaga nuqta qoʻyildi. Lekin bizningcha, fuqaroning asabini buzgan, uning ovoragarchiligiga sabab boʻlgan yuqoridagi holatning sabogʻi bor. U yoki bu shaxsga qandaydir ayb qoʻyish, uning qonunbuzarlikni sodir etganligini rasmiylashtirish uchun avvalo qonunni, tegishli huquqiy hujjatlarni bilish, professional, masʼuliyatli boʻlish lozim. Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Ichki ishlar vazirligi oʻrtasida 2017-yil 11-oktyabrda tasdiqlangan qoʻshma koʻrsatma talablariga muvofiq muayyan shaxs tomonidan maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilganligini isbotlash majburiyati maʼmuriy huquqbuzarlik haqida bayonnoma tuzgan idoralar (mansabdor shaxs) zimmasiga yuklatilishi qayd etilgan. Shundan kelib chiqib, Buxoro shahar maʼmuriy sudi tomonidan yuqoridagi holat boʻyicha Buxoro shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimiga taqdimnoma ham kiritilgan.

2 398
Erkin YODGOROV, OʻzA muxbiri