O‘zA O`zbek

16.08.2018 15:42 Chop etish versiyasi

Havas qilsa arzigulik uy-joylar

Havas qilsa arzigulik uy-joylar
Hovlida o‘n olti jon, tibbiy ko‘makka muhtoj farzandi bilan o‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan Zulfiya opa alohida, shinam, barcha qulayliklarga ega uyning sohibasi bo‘lishni hatto orzu qilmas edi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan endilikda mamlakatimizda qad rostlayotgan namunali loyihalar asosidagi ko‘p qavatli turar joylar hamyurtlarimiz uchun kutilmagan, tushda ham ko‘rmagan ajoyib sovg‘a bo‘ldi.

Mamlakatimizdagi bunyodkorlik ishlariga hamohang Toshkent shahrining shiddat bilan o‘zgarib borayotgan qiyofasi barchani mamnun etishi barobarida, endilikda uni nainki yurtimizga xorijdan kelgan mehmonu sayyohlar, balki umri shu azim shaharda kechgan odamlar ham sira taniy olmayapti. Kechagi ko‘zimizga tanish manzaradan endi asar ham qolmagan. Yangi-yangi, muhtasham, chiroyli uylarni ko‘rib ko‘z quvnaydi. O‘zbekistonda bu borada to‘plangan ijobiy tajriba ibrat olishga arzigulik namuna sifatida xorijda ham alohida e’tirof etilmoqda.

Prezidentning 2016-yil 22-noyabrda qabul qilingan “2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori nainki qurilish va shaharsozlik sohasi, balki uzoq yillar mobaynida og‘ir sharoitlarda yashayotgan odamlar, ko‘makka muhtoj yosh oilalar hayotini yangi o‘zanga solib yubordi.

Qarorga muvofiq, “O‘zshahar qurilish invest“ injiniring kompaniyasi arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilishga oid loyiha-smeta hujjatlarini rasmiylashtirish, bunyodkorlik ishlarining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga oid texnik nazoratni amalga oshirish va boshqa masalalar bo‘yicha bosh buyurtmachi etib belgilandi.

Ushbu kompaniya tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturi doirasida 2017-ilda mamlakatimiz bo‘yicha 7919-xonadondan iborat bo‘lgan 191 ta ko‘p kvartirali uylar qurib foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, 2018-yilda 17 ming 411 xonadonli 423 ko‘p qavatli arzon uylar qurilishi ko‘zda tutilgan.

Dastur doirasida Toshkent shahrida o‘tgan yili 4088 xonadondan iborat 102 ta ko‘p qavatli uylarda uy to‘ylari nishonlangan, joriy yilda 7278 xonadonli 184 ta arzon ko‘p qavatli uylar barpo etilib, foydalanish arafasida turibdi.

Ana shunday ezgu tashabbuslar sababli endilikda Toshkent shahrining Sergeli tumanida qad rostlagan ko‘p qavatli uylardan ko‘z quvnaydi. Qurilish-muhandislik sohasi mutaxassislarining fikricha, ushbu uylarni bunyod etishda asosan mahalliy qurilish materiallari qo‘llanilgan. Shu bilan birga shamol yo‘nalishi, quyosh nurining tushishi, zilzilabardoshlilik kabi jihatlar ham muhandis-quruvchilarning e’tibor markazida bo‘lgani diqqatga sazovor. Kvartiralarning keng va shinamligi, muhandislik-kommunikatsiya, isitish-sovutish tizimlarining mukammalligi ham ularning afzallik jihatlaridan sanaladi.

Davlatimiz rahbarining g‘oya va taklifi asosida 2018-yildan boshlab yangi barpo etilayotgan arzon ko‘p kvartirali uylarning birinchi qavatida poliklinika, maktabgacha ta’lim muassasasi, uy atrofida esa maktab, bolalar maydonchalari ham qurilayotgani odamlarning og‘irini yengil qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunyodkorlik ishlari barobarida bu yerda tevarak-atrofni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Dastur doirasidagi bu kabi namunali loyihalar asosidagi arzon ko‘p qavatli uy-joylar poytaxtimizning boshqa hududlarida ham barpo etilmoqda.

– Prezidentimizning odamlar islohotlarning shirin mevalarini olis kelajakda emas, bugun ko‘rishni xohlaydi, degan gaplariga endilikda barcha hamyurtlarimiz guvoh bo‘lmoqda, – deydi nuroniy otaxon Hamidulla Ibodov. – Xalqning og‘irini yengil qilish, orzu-maqsadlariga yelkadosh bo‘lish bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsad-muddaosini tashkil etadi. Aholining ehtiyojmand qatlamlari, qiynalib qolgan oilalar uchun namunali loyihalar asosida qad rostlayotgan arzon ko‘p qavatli uy-joylar buning amaldagi yorqin namunasidir.

Darhaqiqat, kechagi manzara bugun butkul o‘zgacha. Yangi bunyod etilgan muhtasham uylar, bog‘chalar, istirohat bog‘lari, bolalar maydonchalari, sport majmualaridan ko‘z quvnaydi. Bularning bari – istiqlolning tengsiz ne’matlari. Ularni asrab-avaylash, qadriga yetish, tinch va osuda, to‘kin, farovon kunlar uchun shukronalik tuyg‘usi bilan yashash esa burchimizdir.

N.Usmonova, O‘zA
2 872