O‘zA O`zbek

18.08.2018 10:37 Chop etish versiyasi

Hasharda yosh-u qari faol ishtirok etmoqda

Hasharda yosh-u qari faol ishtirok etmoqda

Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlarida ham umumxalq xayriya hashari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.

Hasharda barcha aholi qatlamlari o‘zlari yashayotgan, mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan hududlarni, ariq va zovurlar, ko‘cha va xiyobonlar, muqaddas qadamjo va qabristonlarni tozalash, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirmoqda. Hasharning birinchi kunida 1 millionga yaqin aholi ishtirok etmoqda.

Viloyatda “Obod qishloq” dasturi asosida 15 tumandagi 30 mahalla fuqarolar yig‘inlarida keng bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Ana shunday ezgu ishlarga yosh-u qari ham hissa qo‘shayotganidan mamnun.

Farg‘ona tumanidagi Shohimardon qishlog‘ida ham erta tongdan boshlab hashar boshlandi. Uch mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan hududda 2 qabriston tozalandi, “Hazrat Ali” ziyoratgohi obodonlashtirildi. Yigirmadan ziyod kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.

– Hashar xalqimizga xos qadim va olijanob qadriyatlardandir, – deydi “Shohimardon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rustamjon Tojiboyev. – Shu bois ushbu tadbirda katta-yu kichik birdek faol ishtirok etmoqda. Xayriya hasharida bayram tantanalariga munosib hozirlik ko‘rish, yurtdoshlarimiz o‘rtasidagi hamjihatlik, mehr-muruvvatga muhtoj kishilarga ko‘mak berish, yurtni obod qilishdek ezgu maqsadlar amalda o‘z ifodasini topmoqda. Mustaqilligimizning 27 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham boshlangan bo‘lib, bu eng chekka qishloq aholisiga yanada quvonch ulashmoqda.

M.Sulaymonov, O‘zA
2 514