O‘zA O`zbek

18.08.2018 13:36 Chop etish versiyasi

Hashar elga yarashar

Hashar elga yarashar

Qarshi shahrida umumxalq hashari milliyligimizni ifodalangan holda, xalqimizga xos ravishda erta tongdan ot-aravalarda karnay surnay sadolari ostida barcha-barchani umumxalq xayriya hashariga chorlagan holda boshlandi.

Yurtimizdagi so‘nggi yillarida xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishda milliy urf-odatlarimiz va ularning zamirida mujassam bo‘lgan mehr-oqibat, turli muammolarni birgalashib hal qilish kabi ibratli qadriyatlar tobora mustahkamlanib bormoqda. Bu borada ma’naviy hayotimizning uzviy qismiga aylangan hashar odati istiqlol davrida yangicha ma’no-mazmunga ega bo‘lib, umummilliy an’anaga aylangan.

Zero, hasharlar paytida mahalla hududlarini, guzarlar, ko‘chalar, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarni tartibga keltirish, yolg‘iz qariyalar, nogironlar, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, jamiyat tafakkurining yangilanishida muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, hashar ming yillar mobaynida kishilar o‘rtasidagi bir-biriga o‘zaro yordam, insonparvarlik, olijanoblik, saxovatpeshalik kabi ezgu tuyg‘ularni yoshlar ongiga singdirishga xizmat qiladi.

Mamlakatimiz mustaqilligining yigirma yetti yillik bayramini munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish, yurtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga aholida dahldorlik hissini shakllantirish, xalqimiz orasida milliy qadriyatlarimizga xos bo‘lgan o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni yanada kuchaytirish, beg‘araz yordam, mehr-muruvvat kabi ezgu fazilatlarni yuksaltirish, mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, viloyatning barcha hududlarida sanitariya holatini yaxshilash hamda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan umumxalq hashari yurtimizni yanada obod va fayzli bo‘lishida o‘ziga xos vazifani o‘taydi.

Shu munosabat bilan umumxalq xayriya hashari mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Qashqadaryo viloyatining qishlog‘u mahallalarida ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.

Umumxalq xayriya hashari barcha tashkilotlar, muassasalar, korxonalar, shuningdek, fuqarolar yig‘inlari hududida uyushqoqlik bilan tashkil etilib, hozirgacha ushbu hasharda 910 mingdan ziyod fuqaro qatnashdi.

Kun mobaynida el-yurt yumushiga bel bog‘lagan hasharchilarning g‘ayrat-shijoati bilan viloyatning 3 ming 869 gektar maydonida obodonlashtirish ishlari, 4 ming 665 kilometr uzunlikdagi ariq-zovurlar tozalanib, 41 ziyoratgoh va 528 qabriston tartibga keltirildi.

Shuningdek, 1 ming 148 ming dona daraxtga shakl berilib, oqlandi. Umumiy hisobda hasharda 1 ming 495 texnika jalb etildi- Hashar insonlarga mehr-oqibat, odamiylikdan saboq beruvchi bebaho tarbiyaviy ahamiyatga ega tadbirdir. U o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini, bog‘laydi, ayniqsa, yoshlar qalbida mahalla-ko‘yga, ona-Vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlash ko‘zda tutilgan, - deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat kengashi bosh mutaxassisi Yulduz Ravshanova. - Umumxalq xayriya hasharining yana bir muhim jihati bu - qon-qonimizga singib ketgan insonparvarlik, olijanoblik, saxovatpeshalik tuyg‘ularining yanada sayqallanishidir. An’anaga ko‘ra, bu galgi xayriya hasharida ham keksa va nogironlar, yolg‘iz qariyalar, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan oilalarga mehr-muruvvat yordamlari ko‘rsatildi. Hashar kunlarida viloyat bo‘yicha 1 ming 84 dan ziyod kam ta’minlangan oilaning uy-joylari ta’mirlanib, 20 ming 248 m2 hajmdagi ishlar bajarildi. Ushbu ishlarga 61 million 342 ming so‘m mablag‘ sarflandi. Mingdan ortiq yolg‘iz keksa va nogironlar jami 551 ehtiyojmand oilaga ushbu maqsadda jami 112 million 444 ming so‘mlik yordam ko‘rsatildi.

O‘.Barotov, J. Norqobilov (surat), O‘zA
2 724