O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

04.09.2018 15:05 Chop etish versiyasi

Harbiylarning oilalari bayram saylida

Mudofaa vazirligi sport majmuasida eng ulugʻ, eng aziz ayyom Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligiga bagʻishlab, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun sport musobaqasi, konsert dasturi va bayram sayli oʻtkazildi.

Tadbir ishtirokchilari sportning shaxmat-shashka, arqon tortish, stol tennisi, mini-futbol, voleybol, badminton kabi turlari boʻyicha bellashuvlarni tomosha qildi. Musobaqa gʻoliblariga esdalik sovgʻalari va faxriy yorliqlar topshirildi.

Bolalar uchun koʻngilochar oʻyinlar, sahna koʻrinishlari va tomoshalar, vazirlik markaziy apparatining tarkibiy boʻlinmalari oʻrtasida milliy taomlar tayyorlash boʻyicha tanlov, qurol-aslaha koʻrgazmasi hamda oziq-ovqat yarmarkasi ham tashkil etildi.

Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari tomonidan qoʻl jangi sanʼati elementlari bilan chiqishlar, Mudofaa vazirligi markaziy harbiy orkestri jamoasi hamda Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar barchaga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

Tadbirda “ArMI-2018“ IV xalqaro armiya oʻyinlarida qatnashgan Mudofaa vazirligi Markaziy xizmat itlari pitomnigi harbiy xizmatchisi Shokir Joʻrayev “Gita” laqabli xizmat iti bilan oʻz mahoratini namoyish etdi.

Bu kabi tadbirlar Toshkent, Markaziy, Sharqiy, Shimoli-gʻarbiy va Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okruglarida ham keng koʻlamda oʻtkazildi.

Abdulaziz Musayev, OʻzA