O‘zA O`zbek

20.08.2018 14:35 Chop etish versiyasi

Harbiylarimizning jangovar tayyorgarligi takomillashadi

Harbiylarimizning jangovar tayyorgarligi takomillashadi
Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazish shakl va uslublari yanada takomillashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasida mudofaa vazirligi qo‘shinlarida jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazish shakl va uslublarini yanada takomillashtirish bo‘yicha ilmiy amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonlari, harbiy qism va muassasalar komandir va boshliqlari hamda akademiya tinglovchilari ishtirok etdi.

Anjuman rivojlangan davlatlar armiyalarining ilg‘or tajribalarni o‘rganish, innovatsion texnologiyalar asosida mashg‘ulotlarni tashkil etish, umumqo‘shin bo‘linmalarida komandirlarning boshqaruv ish faoliyatini rivojlantirish yo‘llari, artilleriya bo‘linmalarini zamonaviy artilleriya o‘lchov asboblar yordamida yangicha shakl uslubda tayyorlash, batalon taktik guruhida jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazishdagi yangicha yondashuvlar hamda qurol-aslaha va harbiy texnikalarga zamonaviy texnik xizmat ko‘rsatish kabi keng qamrovdagi dolzarb masalalarga bag‘ishlandi.

E’tiborli jihati, o‘z ma’ruzalari bilan qatnashgan bir guruh ofitserlar joriy yilning 9 iyulidan 4 avgust kuniga qadar Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlarida qo‘shinlar amaliyotida o‘tab qaytishgan bo‘lib, u yerda harbiy xizmatchilarning xizmat faoliyatidan tortib, jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazish uslubiyoti, qurol-aslaha va harbiy texnikalar turlarigacha bo‘lgan jarayon bilan yaqindan tanishishdi.

Tadbir so‘ngida olingan tajriba va amaliyotni O‘zbekiston armiyasining salohiyatini oshirish yo‘lida keng tatbiq etish, yangicha yondashuvlar asosida mashg‘ulotlar tashkil etish hamda harbiylarning professional tayyorgarlik darajasini kuchaytirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilib, istiqboldagi vazifalar belgilandi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
2 451