O‘zA O`zbek

31.08.2018 18:36 Chop etish versiyasi

Harbiylarga Davlat mukofotlari toshirildi

Harbiylarga Davlat mukofotlari toshirildi Mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi markaziy apparatida bir guruh harbiy xizmatchilarga davlatimizning yuksak mukofotlari – orden, medallar va harbiy unvonlar topshirildi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri A.Azizov mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligi bilan soha xodimlarini tabrikladi. Prezidentimiz boshchiligida barcha soha va tarmoqlarda demokratik yangilanish jarayonlari olib borilayotgan bir vaqtda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlash boʻyicha ham koʻplab muhim ishlar amalga oshirilganini alohida taʼkidladi.

Bayram munosabati bilan Qurolli Kuchlarimizning jangovar tayyorgarligini oshirishdagi xizmatlari, tinchlikni taʼminlash, barqarorlik va jamoat tartibini mustahkamlash borasida xizmat burchini bajarish chogʻida mardlik, jasorat va fidoyilik koʻrsatgani uchun 16 nafar harbiy xizmatchilar II darajali “Shon-sharaf”, “Mardlik” ordenlari, “Jasorat”, “Sodiq xizmatlari uchun” medallari bilan taqdirlandi.

– Kamtarona xizmatlarim uchun davlatimizning II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlandim, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy qism eskadrilya komandiri, podpolkovnik Sherzod Dadaboyev. – Ushbu mukofot bizni sohada koʻproq mehnat qilish, oʻz ustimizda ishlashga undaydi. Shu bilan birga, kasbimizga nisbatan yanada katta masʼuliyat yuklaydi.

Tadbirda Mudofaa vazirligi Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar barchaga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

Abdulaziz Musayev, Oqil Gʻulomov (surat) OʻzA
1 632