Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.01.2018 13:00 Chop etish versiyasi

Harbiylarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlarni ko‘rgan askar onalari ham xursand bo‘ldi

14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni

Andijon shahridagi Bobur nomidagi viloyat musiqali drama va komediya teatrida Andijon viloyati hokimligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, mudofaa ishlari, madaniyat boshqarmalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida “Askar onalarini sharaflaymiz!” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

– Yurt himoyasiga kamarbasta, mard, jasur o‘g‘lonlarni kamolga yetkazgan onalarga qancha hurmat-ehtirom ko‘rsatsak, oz, – deydi Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Yunusova. – Bu kabi tadbirlar, shubhasiz, askarlar va ularning onalariga cheksiz quvonch bag‘ishlaydi.

– O‘g‘lim Lazizbek Toshkent shahrida yigitlik burchini o‘tamoqda, – deydi shahrixonlik Ziyoda Tursunaliyeva. – Bugungi tadbirda farzandlarimizning Vatan oldidagi burchini sadoqat bilan ado etishi uchun yaratilgan sharoitlar, harbiylarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan xursand bo‘ldik. Biz, askar onalariga ko‘rsatilgan ehtiromdan boshimiz ko‘kka yetdi. Onalarni, Vatan himoyachilarini e’zozlagan ozod va obod yurtimiz hamisha tinch bo‘lsin.

Tadbirda askar onalariga esdalik sovg‘alari topshirildi. Viloyat madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi badiiy jamoalar, taniqli xonanda va sozandalar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA
10 723