O‘zA O`zbek

10.01.2018 10:51 Chop etish versiyasi

Harbiylar sharaflandi

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 26 yilligi hamda 14- yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab “Vatan himoyasi – muqaddas burch” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda partiya faollari, shoir-yozuvchilar, bilim yurti ofitserlari, kursantlar ishtirok etdi.

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida yoshlarimizda harbiy xizmatga qiziqish tobora ortib borayotgani, harbiy xizmat ular uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki yuksak shon-sharaf ishiga aylangani alohida ta’kidlandi.

– Harbiy xizmat yoshlarning irodasini mustahkamlab, jismonan toblaydigan, ma’nan yuksaltiradigan o‘ziga xos maktabdir, – deydi partiya viloyat kengashi raisi Mahmud Nazarov. – Bayram arafasida nafaqat harbiy qismlar, balki ta’lim muassasalari, mahalla, tashkilot va korxonalarda o‘tkazilayotgan “Armiya va yoshlar”, “Vatan himoyasi – muqaddas burch!”, “Askar onalarini sharaflaymiz”, “Mening akam – harbiy” kabi ko‘plab mavzulardagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar aholi, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Tadbirda bilim yurtining faol kursantlariga partiyaning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi. San’atkorlar ijrosidagi Vatan, tinchlik, yoshlik va go‘zallikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Abdulaziz Musayev O‘zA
9 108