O‘zA O`zbek

09.07.2018 21:15 Chop etish versiyasi

Harbiylar oilasi doimo e’tiborda

Harbiylar oilasi doimo e’tiborda
“Turkiston” saroyida Toshkent gornizonidagi harbiy xizmatchilar oila a’zolari ishtirokida Prezidentimizning 2018-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tacdiqlash to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi, deb xabar qiladi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

“Oila – jamiyatimiz tayanchi” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda harbiy xizmatchilar oilalarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ular mustahkamligini ta’minlash, mavjud muammolarni hal etish yo‘llari muhokama etildi. Mavzu yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o‘rinbosari, polkovnik Azizbek Ikromov, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova, Toshkent shahar bosh imom-xatibi shayx Abdulaziz Mansur va boshqalar yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, oilada er-xotin o‘rni, ahillik muhitini yaratish kabi masalalar xususida so‘z yuritdi.

Davlatimiz tomonidan sarhadlarimizni ishonchli qo‘riqlash, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashdek muqaddas burchni matonat bilan ado etib kelayotgan harbiy xizmatchilar oilalarini ijtimoiy himoya qilish, ularning oila a’zolari uchun qulay sharoitlar yaratishga doimiy e’tibor qaratilmoqda.

Tadbirda oilaviy munosabatlar mavzuiga bag‘ishlangan videofilm namoyish etildi.

Ablay Kamolov, O‘zA
4 290