O‘zA O`zbek

12.01.2019 Chop etish versiyasi

Harbiylar hayoti – oʻquvchilar havasi

Harbiylar hayoti – oʻquvchilar havasi – Bolaligimdan harbiy texnikalarga qiziqaman, – deydi Kasbi tumanidagi 48-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Murodali Bobomurodov. – Otamga doim oʻyinchoq tank oldirardim. Lekin haqiqiy tankni hech qachon koʻrmagandim. Bugun ushbu orzum ushaldi. Oʻqituvchimiz boshchiligida harbiy qismga sayohat qildik va haqiqiy tanklarni koʻrdik. Hatto boshqaruv boʻlmasiga kirib, oʻzimni tankchidek tasavvur ham qildim. Kelajakda, albatta, tankchi boʻlaman.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugga qarashli harbiy qismlardan biri faoliyati bilan tanishuvimiz mana shunday boshlandi. Boisi, biz harbiy qismda boʻlganda u yerda ochiq eshiklar kuni oʻtkazilayotgan va maktab oʻquvchilari ham sayohatga kelishgan ekan.

Qurolli Kuchlarimizni isloh qilish, mamlakat mudofaa salohiyatini yanada oshirish, harbiy sohani zamon talablariga mos holga keltirish bilan bogʻliq mutlaqo yangicha yondashuv, koʻlamdor islohotlar samarasini mazkur harbiy qism misolida ham koʻrish mumkin.

Bu yerda birgina oʻtgan yili loyiha qiymati 37 milliard soʻm boʻlgan 17 ta obyektda qurilish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilib, harbiy qism zamonaviy qiyofa kasb etdi. Xususan, oshxona, tibbiyot punkti va kazarmalar kapital taʼmirlangan. Ovqatlanishni tashkil qilishda autsorsing tizimi joriy qilinib, harbiy xizmatchilarning oshxona ishlariga jalb qilinishiga barham berilgan. Bundan tashqari, issiqlik va elektr tarmoqlari toʻliq yangilangan.

Yangidan qurilgan madaniyat va sport saroylari harbiy xizmatchilarning maʼnaviy bilimi va jismoniy imkoniyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

– Sport zali zamon talablariga toʻla mos boʻlib, 12 sport turi bilan shugʻullanish imkoniyati yaratilgan, – deydi sport yoʻriqchisi, serjant Qoʻldosh Elliyev. – Barcha sport inventarlari bilan jihozlangan. Bu yerda harbiy xizmatchilardan tashqari, ularning farzandlari uchun ham sport toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Buning natijasida oʻtgan yili Abdumalik Muhammadiyev Mudofaa vazirligi tizimida qoʻl jangi boʻyicha Oʻzbekiston chempioni boʻldi, mayor Sobir Oʻrozov Xitoyda u-shu sport turi boʻyicha malaka oshirib qaytdi. Otabek Jabborov armrestling boʻyicha 75 kilogramm vaznda Oʻzbekiston chempioni boʻldi. Javohir Raimov esa Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug miqyosida qoʻl jangida tengsiz deb topildi. Ayni paytda sportchilarimiz Qurolli Kuchlar tizimida oʻtkaziladigan boks musobaqasiga tayyorgarlik koʻrmoqda.

Jangovar mashinalar parkini aylanar ekanmiz, mahobatli zirhli texnikalar va ularni professional darajada boshqarayotgan harbiy xizmatchilar eʼtiborimizni tortdi. Texnoparkda tankini koʻrikdan oʻtkazayotgan tankchi, serjant N.Abdurazzoqovni suhbatga chorladik.

– Harbiy texnikalarni boshqarish harbiy xizmatchidan katta mahorat va matonat talab qiladi, – deydi N.Abdurazzoqov. – Boisi, bugungi kunda harbiy texnikalarning oʻta takomillashgan avlodlari ishlab chiqarilmoqdaki, biz harbiylar bunga tayyor boʻlishimiz darkor. Shu sababli tajribamizni muntazam oshirib boramiz. Harbiy qismimizda buning uchun barcha sharoit yaratilgan.

Darhaqiqat, mamlakatimiz mudofaa salohiyatining yuksak boʻlishi harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan ham oʻlchanadi.

1.jpg

9.jpg

21.jpg

26.jpg


4 165
Oʻlmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), OʻzA