O‘zA O`zbek

15.11.2019 Chop etish versiyasi

Harbiy xizmatchini harbiy xizmatdan bo‘shatish asoslariga o‘zgartish kiritiladi

Harbiy xizmatchini harbiy xizmatdan bo‘shatish asoslariga o‘zgartish kiritiladi
O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Muhokama uchun e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, qonunning 29-moddasi (Harbiy xizmatdan bo‘shatish) birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Harbiy xizmatchini haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shatish quyidagi asoslarga ko‘ra amalga oshiriladi:

1) yosh bo‘yicha – u harbiy xizmatda bo‘lishining belgilangan yosh chegarasiga yetganida, shu jumladan belgilangan tartibda uzaytirilgan harbiy xizmat muddati tugaganda;

2) muddatli harbiy xizmat muddati tugaganda – chaqiruv bo‘yicha muddatli harbiy xizmatning qonunchilikda belgilangan muddati tugaganda (bo‘shatish uchun boshqa asoslar bo‘lmagan taqdirda);

3) kontrakt muddati tugaganda – bo‘shatish uchun boshqa asoslar bo‘lmagan taqdirda, agar amaldagi kontraktning tugashi vaqtida harbiy xizmatchi yoki vazirlik, davlat qo‘mitasi va idora tomonidan yangi kontrakt tuzmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa;

4) tashkiliy-shtat tadbirlari munosabati bilan, harbiy xizmatchidan xizmatda foydalanish imkoniyati bo‘lmay qolganda va uni bo‘shatishga boshqa asoslar bo‘lmagan taqdirda;

5) sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra – uni harbiy-tibbiy komissiya harbiy xizmatga yaroqsiz deb topganligi munosabati bilan;

6) tomonlardan birining tashabbusiga ko‘ra kontrakt muddatidan oldin bekor qilinganligi munosabati bilan;

7) intizomsizligi sababli kursantlar oliy harbiy ta’lim muassasasidan o‘qishdan chetlashtirilishi munosabati bilan, bo‘shatishga boshqa asoslar bo‘lmagan taqdirda;

8) harbiy xizmatchi nomiga dog‘ tushiruvchi xatti-harakat sodir etganda;

9) davlat sirlari bilan ishlash ruxsatnomasidan mahrum qilinganligi munosabati bilan;

10) ozodlikdan yoki harbiy unvondan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lgan jazo choralarini nazarda tutuvchi sud hukmi qonuniy kuchga kirganda;

11) qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini yo‘qotganligi munosabati bilan yoxud boshqa davlatning fuqaroligi mavjud bo‘lganda.”.

Amaldagi tahrir quyidagicha ko‘rinishga ega:

“Harbiy xizmatchini haqiqiy harbiy xizmatdan bo‘shatish quyidagi asoslarga ko‘ra amalga oshiriladi:

1) u harbiy xizmatchilarning harbiy xizmatda bo‘lishining belgilangan yosh chegarasiga yetganida;

2) muddatli harbiy xizmat muddati tugaganda;

3) kontrakt muddati tugaganda;

4) shtatlar qisqarganda yoki boshqa tashkiliy-shtat tadbir-choralari munosabati bilan harbiy xizmatchidan xizmatda foydalanish imkoniyati bo‘lmay qolganda;

5) salomatligiga ko‘ra — uni harbiy-tibbiy komissiya harbiy xizmatga yaroqsiz deb topganligi munosabati bilan;

6) qonun hujjatlariga muvofiq taraflardan birining tashabbusiga ko‘ra kontrakt muddatidan oldin bekor qilinganligi munosabati bilan;

7) harbiy-ta’lim muassasasidan o‘qishdan chiqarilganligi munosabati bilan;

8) xizmat vazifasiga noloyiq bo‘lib qolganda;

9) O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan mahrum bo‘lishi munosabati bilan;

10) harbiy xizmatchi harbiy unvonidan mahrum etilishi munosabati bilan;

11) sud hukmi qonuniy kuchga kirganda, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.”.

Moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Harbiy xizmatchilar harbiy xizmatdan rezervga, harbiy hisobdan chiqarilgan taqdirda esa iste’foga bo‘shatiladi.”.

Quyidagi mazmundagi to‘rtinchi qism bilan to‘ldiriladi:

“Rezervda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetgan yoki harbiy-tibbiy komissiya tomonidan sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy hisobdan chiqarilgan holda harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotgan yoxud boshqa davlatning fuqaroligiga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar iste’foga bo‘shatiladi”.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirligi Matbuot xizmati

474
O‘zA