O‘zA O`zbek

28.08.2018 20:30 Chop etish versiyasi

Harbiy xizmatchilarning oila aʻzolari doimiy eʻtiborda

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʻminlash qoʻshinlari bosh boshqarmasida “Milliy armiyamiz – bizning iftixorimiz va gʻururimiz” tamoyili asosida kengaytirilgan koʻrgazmali tadbir tashkil etildi. Unda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʻzolari, keng jamoatchilik va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari joriy yil 11 yanvardagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida mamlakatimizda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʻzolari bandligini, ijtimoiy muhofazasini taʻminlash, maʻnaviy-maʻrifiy olamini boyitish, ular qalbida Vatanga mehr va sadoqat, uning taqdiri uchun masʻuliyat hissini uygʻotish muhim masalalardan ekanini taʻkidlagan edi.

Ushbu tadbirni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad ham harbiy xizmatchilar va ularning oila aʻzolari ijtimoiy muhofazasi hamda bandligini taʻminlashdan iborat boʻldi. Bu borada Toshkent shahridagi 11 tumanning bandlikka koʻmaklashish markazlari oʻzlarining boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etdi. Yarmarka davomida 81 nafar harbiy xizmatchining oila aʻzolari ish bilan taʻminlanib, shu yerning oʻzida mehnat shartnomalari imzolandi.

Tadbir davomida oʻtkazilgan kitob yarmarkasida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʻzolari oʻzlari qiziqqan kitoblarni xarid qilish imkoniyatiga ega boʻldi. Bu esa ularda kitobxonlikka qiziqish oshishiga zamin yaratadi. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun oʻquv qurollari yarmarkasi tashkil etildi.

Nurillo Nasriyev, OʻzA
1 972