O‘zA O`zbek

16.09.2019 Chop etish versiyasi

Harbiy xizmatchilarga yangi uy-joylar berildi

Harbiy xizmatchilarga yangi uy-joylar berildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahrida Davlat xavfsizligi xizmati Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari va ularning oila aʼzolariga 48 xonadondan iborat yangi uy foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Qurolli Kuchlarni isloh qilishga, shu jumladan, harbiy xizmatchilarning samarali xizmat qilishlari uchun barcha sharoitni yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Sarhadlarimiz daxlsizligi, yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini qoʻriqlashdek sharafli vazifani ado etib kelayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash davlatimizning doimiy eʼtiborida boʻlib kelmoqda. Shu jumladan, Davlat xavfsizligi xizmati Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari uchun zamonaviy uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirilmoqda.

Nukus shahrida foydalanishga topshirilayotgan 48 xonadondan iborat yangi uyda barcha shart-sharoit yaratilgan boʻlib, bolalar uchun oʻyin maydonchalari, hovli shiyponi va savdo doʻkoni barpo etilgan. Qurilish ishlari “Investstroy Nukus” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan belgilangan muddatda bajarildi.

Yaratilayotgan qulay imkoniyatlar harbiy xizmatchilarimizni xalqimizning tinch va osuda hayotini taʼminlashda, davlatimizning taqdiri va kelajagi uchun fidoyi boʻlishga undaydi.

– Harbiy xizmatchilarga alohida eʼtibori uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildiramiz, – deydi yangi xonadon egalaridan biri, serjant Rahim Umarov. – Bunday imkoniyatlar har birimizdan belgilangan jangovar vazifalarni aʼlo darajada bajarishimizni talab qiladi.

Tadbir ishtirokchilari yangi uy-joyda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

30.jpg

10.jpg

12.jpg

2 317
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA