O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Harbiy xizmatchilar tog‘ tizmalarida murakkab vazifalarni bajarish ko‘nikmasini oshirmoqda

Harbiy xizmatchilar tog‘ tizmalarida murakkab vazifalarni bajarish ko‘nikmasini oshirmoqda

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugning Surxondaryo viloyatida joylashgan dala-o‘quv maydonlarining birida kechgan amaliy mashg‘ulotlar jarayoni zamonaviy jang uslublari negizida boshlandi. Erta tongdan “Yig‘in!” signali berilgach, harbiy xizmatchilar poligon tomon yo‘l oldilar. 

Bo‘linmalarning jipsligini yanada mustahkamlash, o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha bilimlarini oshirish maqsadida tashkil etilgan mazkur mashg‘ulotda harbiy xizmatchilar tog‘ tayyorgarligiga oid bilim va malakalarini mustahkamladi. 

Shaxsiy tarkibning tog‘ tayyorgarligiga oid ko‘nikmalarini tobora mustahkamlab borishni ta’minlaydigan o‘quv nuqtasida guruh shaxsiy tarkibi tog‘ tayyorgarligi bo‘yicha amaliy mashqlarni bajardi. 

Shundan so‘ng shaxsiy tarkib tog‘li to‘siqlarga chiqish, tushish, jangovar pozitsiyani egallash mashqlarini amalda bajardi. Bu jarayonda shaxsiy tarkib taktik harakatlanib, yon atrofni kuzatish uchun dozorlar qo‘ydi, shu orqali ehtimoliy xavfning oldi olindi.

E’tirof etish lozimki, guruh shaxsiy tarkibi taktik harakatlanishning turli usullarini real vaziyatga yaqinlashtirilgan mashqlar orqali o‘rganishdi. Bunday yondashuv esa bugungi ehtimoliy vaziyatlarda jang olib borishning eng ustuvor tomonlarini o‘zlashtirish imkonini beradi. 

Shaxsiy tarkib tog‘ va cho‘l sharoitida jangovar vazifani bajarish, har qanday tog‘ to‘siqlarini yengib, jismoniy ko‘nikmasini yana bir karra oshirdi. Ularning professional tayyorgarliklarni qanchalar o‘zlashtirgani, mahorat va malakaga ega ekanliklari bo‘linma komandirlari tomonidan diqqat bilan kuzatib borildi.

Mashg‘ulotlarning o‘ziga xos murakkabliklari bor. O‘tgan vaqt mobaynida mashqlarda toblangan yurt posbonlari bu gal ham vazifani to‘laqonli bajardilar. 

Alibek OMONTURDIEV, 
Mudofaa vazirligi Axborot va 
ommaviy kommunikatsiyalar departamenti mas’ul xodimi.

1 485
O‘zA