O‘zA O`zbek

29.03.2020 Chop etish versiyasi

Harbiy-texnik hamkorlik samarasi “COVID-19”ga qarshi kurashda jarayonida namoyon boʻldi

Harbiy-texnik hamkorlik samarasi “COVID-19”ga qarshi kurashda jarayonida namoyon boʻldi

Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi, Oʻzbekiston Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi va Mudofaa vazirligi yurtimiz mudofaa sanoati tizimini rivojlantirish maqsadida Xitoyning bir qator Mudofaa sanoati kompaniyalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Maʼlumki, koronavirus infeksiyasi yoʻlini toʻsib, Covid-19 ofatini yengib oʻtgan Xitoy endilikda ushbu kasallikka qarshi kurashda boshqa mamlakatlarga amaliy yordam koʻrsatib kelmoqda.

Bu boradagi tadbirlarni amalga oshirishda Xitoy hukumati bilan bilan birga mamlakatning yetakchi mudofaa sanoati korporatsiya va kompaniyalari ham faol ishtirok etmoqda.

Taʼkidlash joiz, Xitoyning ayni yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan “Norinko”, “Viek Tochmash”, “Xaytera”, “Poli Texnolodji” singari korxonalari bir necha yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati majmuasini rivojlantirish, Qurolli Kuchlarni zamonaviy qurol-aslaha, harbiy va maxsus texnika vositalari bilan taʼminlash, sohani modernizatsiyalashga hissa qoʻshib kelmoqda.

Hamkorlik jarayonining uzviy davomi sifatida yuqorida nomlari keltirilgan kompaniyalar koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, ushbu kasallikka qarshi kurashish boʻyicha birgalikdagi harakatlarni kuchaytirish hamda Oʻzbekiston xalqining bu boradagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekistonga bir martalik sterillangan tibbiy qoʻlqoplar, himoya koʻzoynaklari, yuz uchun filtrlovchi niqoblar, tana haroratini oʻlchovchi teplovizorlardan iborat insonparvarlik yordamini joʻnatdi.

Mazkur insonparvarlik yuki mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi, Mudofaa sanoati boʻyicha davlat qoʻmitasi va Mudofaa vazirligi mutasaddi vakillari hamkorligida joriy yilning 28-mart kuni Mudofaa vazirligining maxsus havo laynerida Islom Karimov nomidagi “Toshkent” Xalqaro aeroportiga olib kelindi.

Doʻst Xitoy xalqining insonparvarlik yordami aeroport hududida tegishli vazirlik va idoralar masʼul shaxslari tomonidan qabul qilib olindi.

Ushbu tibbiyot buyumlari 2020-yil 28-mart kunidan boshlab respublikamiz hududida karantin rejimini taʼminlashga jalb qilingan harbiy xizmatchilar, ichki ishlar, tibbiyot xodimlari va boshqa muhtoj shaxslarga tarqatilishi rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston Xitoy hukumatining beminnat insonparvarlik yordamini chuqur his etib, yuksak qadrlaydi.

Eslatib oʻtish oʻrinli, Oʻzbekiston ham koronavirus oʻchogʻi hisoblangan Xitoyning Xubey provinsiyasidagi Uxan shahriga ikki marta — 12-fevral va 3-mart kunlari eng zarur tibbiy buyumlardan iborat gumanitar koʻmak yukini joʻnatgan edi.

832
OʻzA