O‘zA O`zbek

06.12.2018 18:39 Chop etish versiyasi

Harbiy qasamyoddan oldin “Temur tuzuklari”dan sinov topshirish kerak

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi asarlarni koʻpaytirish masalasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasining qabul qilinishi, armiya va xalq birligini taʼminlash borasida mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikdagi ishlar kuchaytirilgani milliy armiyamiz saflarini mustahkam iroda, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan yoshlar bilan toʻldirib borish imkonini bermoqda. Zero, yuqori professional, burchiga sadoqatli, fidoyi va mard harbiy xizmatchilarni tarbiyalash Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilishning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi.

Joriy yil 28-noyabrda Qurolli Kuchlar akademiyasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yigʻilishida mamlakatimiz harbiy qudratini yanada mustahkamlash, mudofaa sanoati va harbiy taʼlimni rivojlantirish, qurol-aslaha va harbiy texnikalarni modernizatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali qoʻshinlarni boshqarish tizimini takomillashtirish bilan bir qatorda yoshlarda harbiy-vatanparvarlik ruhini mustahkamlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, askarlar, harbiy xizmatchilar mamlakatimizning shonli tarixini, ona zaminimizda yashab oʻtgan buyuk qahramonlar, sarkarda va qoʻmondonlar hayoti va jasoratini chuqur bilishi, ular bilan gʻururlanishi lozimligi taʼkidlandi. Davlatimiz rahbari askarlar harbiy qasamyod qabul qilishdan oldin, albatta, Oʻzbekiston tarixi va “Temur tuzuklari”dan sinov topshirishi kerakligini qayd etdi. Ilgʻor harbiy qismlarga ulugʻ sarkardalarimizning nomini berish, mohir lashkarboshi bobolarimiz haqida ilmiy tadqiqotlar, badiiy kitoblar, kinolar yaratishga koʻrsatma berdi.

Yigʻilishda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning qalbida vatanparvarlik, yurtga sadoqat fazilatlarini yuksaltirishga xizmat qiladigan, Vatan himoyasidek muqaddas va sharafli burchga masʼuliyat bilan yondashishga undaydigan yuksak badiiy asarlar yaratish, ona zaminimizda yashab oʻtgan buyuk qahramonlar, sarkarda va qoʻmondonlar hayoti va jasoratini, harbiy xizmatni oʻtayotgan – zamonamiz qahramonlari obrazini aks ettiruvchi harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi sheʼriy, nasriy, badiiy publitsistik, sahna asarlarini koʻpaytirish, kinossenariylar yozish, ijodkorlarga ijtimoiy buyurtma berish asosida ularni mazkur mavzulardagi asarlar yaratishga ragʻbatlantirish masalalari muhokama etildi. Bu borada kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.



Muhayyo Toshqorayeva, OʻzA
809