O‘zA O`zbek

10.09.2020 Chop etish versiyasi

Harbiy oilalarga psixologik maslahat berish tizimi joriy etildi

Harbiy oilalarga psixologik maslahat berish tizimi joriy etildi

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligining tashabbusi bilan Nukus garnizoni yopiq harbiy shaharchasidagi Vatanparvar mahallasida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolariga psixologik xizmat koʻrsatish tizimi joriy etildi.

Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati maʼlum qildi. Qayd etilishicha, mazkur tizim Mudofaa vazirligining harbiy mahallalari oʻrtasida birinchi boʻlib Nukusda yoʻlga qoʻyildi.

_U4A6953.JPG

Harbiy okrugning malakali psixolog va sotsiologlari, shuningdek, Nukus shahar oilaviy psixologik markazi va voyaga yetmaganlarga psixologik yordam berish markazining tajribali mutaxassislarini jalb etgan holda harbiylarning oila aʼzolariga farzand tarbiyasi, ayniqsa balogʻat yoshiga yetayotgan va oʻsmirlik davridan oʻtayotgan bolalarning xulq-atvorida roʻy berayotgan oʻzgarishlar, nafaqaga chiqqan harbiy xizmatchilarning ijtimoiylashuv jarayonlarining oson kechishini taʼminlashda yangicha tizim orqali amaliy koʻmak beriladi.

Psixologik xizmat koʻrsatish haftaning seshanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi. Psixolog maslahatini olish uchun kelgan mahalla aholisiga qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida respondentlarni qayd etish yoki boshqa bir hujjatlarda rasmiylashtirish qatʼiy ravishda olib borilmaydi, shuningdek, suhbat jarayonlarining yopiqligi hamda oshkor boʻlmasligi taʼminlanadi. Mahalla ahli uchun psixologik koʻmak berayotgan mutaxassislarning telefon orqali anonim maslahat berish tizimi ham joriy etilgan.

_U4A6889.JPG

Mahallada psixologik xizmat koʻrsatish tizimini rivojlantirish maqsadida harbiy xizmatchilarning oilalari oʻrtasida turli seminar va trening mashqlari oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilgan.

“Vatanparvar” mahalla fuqarolar yigʻini harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining xotirjamligini taʼminlash, farzandlariga haqiqiy gʻamxoʻr boʻlish kabi muhim vazifani bajarishda boshqa mahallalarga har tomonlama oʻrnak boʻlmoqda. Yurtimizning eng olis garnizonida joylashgan ushbu harbiy mahalla 2020-yilda Mudofaa vazirligi harbiy mahallalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Eng namunali harbiy mahalla fuqarolar yigʻini” koʻrik-tanlovida faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan.

_U4A6875.JPG

Harbiy shaharcha hududida joylashgan ushbu mahalla faoliyati 2018-yilda yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, undagi jami 19 ta qoʻp qavatli uyda 500 ga yaqin harbiy xizmatchilar hamda harbiy pensionerlar istiqomat qilishadi. Mahalla hududida bittadan umumtaʼlim maktabi hamda maktabgacha taʼlim muassasasi joylashgan.

Mustaqilligimizning 29 yillik bayrami arafasida ushbu mahallada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, harbiy xizmatchilar uchun ikkita koʻp qavatli yangi uy qurilib, foydalanishga topshirildi.

_U4A6828.JPG


4 223
OʻzA