O‘zA O`zbek

12.10.2018 14:23 Chop etish versiyasi

Harbiy hamkorlik rivojlanmoqda

Harbiy hamkorlik rivojlanmoqda

Toshkentdagi Xalqaro forumlar saroyida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar Mudofaa vazirlari kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston respublikalarining mudofaa idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

Yigʻilishga Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu raislik qildi. 

Yigʻilish davomida Markaziy Osiyodagi vaziyat, xalqaro terrorizmga qarshi kurashish yoʻlidagi ustuvor vazifalar, Hamdoʻstlikka aʼzo mamlakatlar oʻrtasida harbiy hamkorlikni rivojlantirish, radiatsion, kimyoviy va biologik vaziyatni baholash hamda nazorat qilishda Birlashgan tizimning istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, MDHga aʼzo mamlakatlar qurolli kuchlari aviatsiya parvozlari sohasida hamkorlik masalalari, Yagona davlat radiaksion identifikatsiya tizimini amalga oshirish, harbiy taʼlim sohasida harbiy bilim yurtlari kursantlari oʻrtasida fan olimpiadalarini oʻtkazish, Ikkinchi jahon urushining 75 yilligiga bagʻishlangan qoʻshma tadbirlarni hamkorlikda amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.

Bundan tashqari kengash aʼzolari Mudofaa vazirlari kengashining 2019 yil boʻyicha ish rejasini qabul qildi. MDHga aʼzo mamlakatlar qurolli kuchlarining hamkorlikdagi (birlashgan) aloqa tizimini rivojlantirish, 2022 yilga qadar qurolli kuchlar faoliyatining dasturiy taʼminoti, navigatsiya, metrologiya, topografiya va geodeziya sohasida hamkorlikni tashkil etish, 2019 yil davomida MDHga aʼzo davlatlar Havo hujumidan mudofaa va harbiy havo kuchlari qoʻshinlari qoʻmondonliklari oʻrtasida qoʻshma mashgʻulotlarni tashkil etishga yoʻnaltirilgan hujjatlar imzolandi.

Tadbirda mamlakatlar mudofaa idoralari rahbarlariga Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining “Jangovar hamdoʻstlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun” esdalik nishoni topshirildi.

Nurillo Nasriyev, OʻzA
581