Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.03.2017 17:49 Chop etish versiyasi

Harakatlar strategiyasi ijrosida ommaviy axborot vositalarining o‘rni

Samarqandda “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturining bajarilishi ustidan keng jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda OAVning roli” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan ommaviy axborot vositalari rahbar va xodimlari ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan Harakatlar strategiyasi mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirishda muhim omil bo‘lishi ta’kidlandi. Mazkur hujjatdagi besh ustuvor yo‘nalishdan birinchisi davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etish, bu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirishga qaratilgan. Mazkur yo‘nalishda yangi qonunlar qabul qilish, bir qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish belgilangan.

Seminarda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasi mas’ul xodimlari, huquqshunos olimlar Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini OAVda keng yoritish jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning samarali usullaridan biri ekanini qayd etdi. Mamlakatni siyosiy modernizatsiya qilish sharoitida aynan ommaviy axborot vositalari davlat hokimiyati organlari faoliyatining transparentligini ta’minlab, davlat va jamiyat o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. Fuqarolik jamiyatini barpo etish jarayonida davlat, ijtimoiy, shaxsiy manfaatlar muvozanati mexanizmlarida ham ularning roli ortib bormoqda.

Tadbir ishtirokchilari bu borada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar, fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqini yanada keng amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.

– Keyingi paytda mamlakatimizda qonunlar va muhim qarorlarni qabul qilishdan oldin keng jamoatchilik fikri o‘rganilayotgani, qonun loyihalari mahalliy Kengashlar deputatlari, tegishli soha mutaxassislari tomonidan ko‘rib chiqilayotgani ularning har tomonlama mukammal bo‘lishiga xizmat qilmoqda, – deydi xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati B.Sharofov. – Bu borada Harakatlar strategiyasida ham bir qator qonunchilik tashabbuslari ilgari surilgan. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari zimmasiga ham katta mas’uliyat tushadi.

Seminarda Harakatlar strategiyasining besh ustuvor yo‘nalishi va ularni amalga oshirish yuzasidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlar bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
2 089






Все о погоде - Pogoda.uz