O‘zA O`zbek

15.11.2019 Chop etish versiyasi

Har yili dunyo bo‘yicha taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosi qurboniga aylanmoqda

Har yili dunyo bo‘yicha taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosi qurboniga aylanmoqda
Navoiy shahrida o‘quvchi-yoshlar ishtirokida “Odam savdosi – bashariyat muammosi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Navoiy shahar o‘quv sport texnika klubi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ichki ishlar xodimlari, jamoatchilik tashkilotlari vakillari, o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Odam savdosi inson sha’ni, qadr-qimmati, osoyishta turmush tarzi hamda kelajagiga tahdid solayotgan transmilliy uyushgan jinoyatchilik ko‘rinishlaridan biri bo‘lib, chegara tanlamasligi, ayniqsa girdobiga asosan ayollar va yoshlarni tortayotgani bilan xatarlidir. Bu mudhish illat noqonuniy qurol hamda giyohvandlik vositalarining g‘ayriqonuniy savdosi kabi og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.

Tadbirda qayd etilganidek, odamlar o‘z qadr-qimmati va huquqlarida erkin va teng bo‘lib tug‘iladi. Ushbu qoida BMTning 1948 yilda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, shuningdek, mingdan ortiq xalqaro, mintaqaviy va milliy huquqiy hujjatlarda belgilab qo‘yilgan.

Odam savdosi insonning erkinligi, qadr-qimmati, tengligi va shaxsiy daxlsizligiga bevosita putur yetkazadi, uni turli xo‘rlik va kamsitishlarga duchor etadi. Ushbu jinoiy faoliyat ortida majburiy mehnat, zamonaviy qullik, majburiy donorlik, harbiy to‘qnashuvlarda foydalanish, fohishabozlik bilan shug‘ullanishga majburlash kabi qabih, qonunga zid qilmishlar mujassam.

Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Har yili 600 mingdan 800 minggacha ayollar va bolalar turli aldov yo‘llari bilan chet ellarga olib ketilib, qul sifatida sotib yuborilmoqda. BMTning ma’lumotiga ko‘ra, uyushgan jinoiy guruhlar uchun odam savdosi bozori katta daromad keltiradigan manba bo‘lib, u giyohvandlik va qurol savdosidan keyingi uchinchi o‘rinni egallaydi.

Davra suhbatida faol ishtirok etgan o‘quvchilar Navoiy shahar o‘quv sport texnika klubi tomonidan taqdirlandi.

451
Avazbek XUDOYQULOV, O‘zA