O‘zA O`zbek

14.11.2019 Chop etish versiyasi

Har sahar yukinib bayrog‘ini o‘p...

Har sahar yukinib bayrog‘ini o‘p...


O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i ta’sis qilingan kun arafasida O‘zbekiston xalq shoiri To‘ra Sulaymonning “Ota makon” sarlavhali she’ridagi “Har sahar yukinib bayrog‘ini o‘p” misralari yodimga tushadi.

Vatan haqida, uning bayrog‘i haqida she’rlar ko‘p. Biroq ularning yodda qoladiganlari kam. Hatto o‘quvchilik paytimizda yodlaganlarimizni ham bugun ko‘pchiligimiz, ayniqsa, yoshi yetmishdan oshayotgan mening tengdoshlarim esdan chiqarganmiz.

Ammo To‘ra Sulaymonning “Ota makon”idagi bayroqni o‘pishi esimdan chiqmaydi. Nazarimda, bu she’rdagi Vatan, uning ramzlari haqida misralarning o‘ta samimiyligida.

To‘ra Sulaymon baxshi shoir edi. She’rlari xalq og‘zaki ijodi – folklor, baxshiyona uslubda yozilgan. Uning she’rlarida Vatan mavzusi o‘ta tabiiy, ishonarli kuylangan. "Ota makon”ni o‘qigan kishining ham ko‘z oldiga shoirning “har sahar yukinib bayrog‘ini o‘p”ayotgan qiyofasi keladi.

Ha, To‘ra Sulaymon hayotda ham Vatanni borlig‘i bilan sevib, she’rlarida yozganidek, uning tuprog‘ini, tug‘rosini, bayrog‘ini o‘pib o‘tgan edi. Men To‘ra aka bilan atigi bir yilgina birga ishlab, uning butun borlig‘i she’rlaridagi kabi rost ekanligiga amin bo‘lganman. Mana, o‘qib ko‘ring, Siz ham ishonasiz.

OTA MAKON

Toshlarin tavof qil, tuprog‘ini o‘p,

Gardin ko‘zga surtib tug‘rosini o‘p,

Har sahar yukinib bayrog‘ini o‘p,

Bu Ota Makondir,

Bu Ona Yurtdir.

Boshing qo‘yib topin ostonasiga,

Zog‘ yo‘lata ko‘rma Ark-qal’asiga,

Hamisha tayyor tur himoyasiga,

Bu Ota Makondir,

Bu Ona Yurtdir.

Sayhuni, Jayhuni javohir, la’lli,

Tog‘lari tamalli, bog‘lari bolli,

Taqdirimiz shu el bilandir bog‘li,

Bu Ota Makondir,

Bu Ona Yurtdir.

Arkoni davlatin yo‘li bir bo‘lsin,

Yurgan yo‘llarida nafs asir bo‘lsin,

Taxt-toj, saltanati mudom sir bo‘lsin,

Bu Ota Makondir,

Bu Ona Yurtdir.

Ko‘ki ko‘lankasiz – oftobli, oyli,

Fuqarosin ko‘ngli Himoloy bo‘yli,

Serfarzand, serdavlat, xayrli qo‘lli,

Bu Ota Makondir,

Bu Ona Yurtdir.

Azaldan ardoqli, or-nomusli el,

To‘qson to‘qqiz bovli, biy, bo‘lisli el,

Sabr-qanoatli, qut, qomusli el,

Bu Ota Makondir,

Bu Ona Yurtdir,

Bu qadim Turondir – jon ichra jondir.

06. 12. 2003.


800
Toshqul BEKNAZAROV, O‘zA