O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

Har mavsumda shu bo‘lar takror yoxud gazsiz o‘tgan kunlarim

Har mavsumda shu bo‘lar takror yoxud gazsiz o‘tgan kunlarim

Mana kuz mavsumining oxirlashiga ham kam vaqt qoldi. Qishloqdoshim? qishga tayyormisiz?! Ko‘mirlarni g‘amlab, o‘tinlarni taxlab qo‘ydingizmi? Ha demay, qish keladi. Bu yil ham faqat Xudoga, keyin o‘zimizga ishonib, amallab qishni o‘tkazishimiz kerak. Afsuski, yozda, kuzda kelmagan gaz endi qishda bo‘lishi amrimahol.

“Bahorda gaz ta’minotidagilar qishgacha gaz yetkazib beramiz, deb va’da berishgandi-ku” demoqchimisiz? Har bahorda shu bo‘lar takror...

Qishloq joylardagi maishiy muammo, bu – gaz va elektr energiyasidir. Elektr energiyasidan birmuncha shikoyatlar kamayganini inobatga oladigan bo‘lsak, asosiy muammo, bu – gazdir. Bilamizki, mamlakatimiz gazning yirik zaxiralariga ega. Jahonga gaz yetkazish bo‘yicha yirik eksportchilardan biri. Ammo o‘z fuqarolarimizni gaz bilan ta’minlay olmaymiz.

Qarabsizki, qish kelishidan darhol “Is gazidan 4 kishi halok bo‘ldi”, “Bir oila gaz tufayli uyidan ajraldi”, “Qarzdorlik bor, ammo gaz yo‘q”, “Qishloqlarda qachon gaz bo‘ladi”, “Is gazi tufayli yana bevaqt insonlar halok bo‘lmoqda” kabi sarlavhali maqolalar OAV sahifalarini bezaydi.

Bularni o‘qib, yuragimiz eziladi. Halok bo‘lganlar qo‘shnimiz, yaqinimiz, yurtdoshimizdir. Bunday holatlarga odatda tegishli davlat organlariga rasmiy munosabat bildirmagani uchun bu xabarlar tabiiy jarayondek tuyuladi. Federatsiyamizga keladigan murojaatlarning ko‘pchiligi aynan gaz muammosidir.

Bolaligim Qoraqalpog‘istonning olis qishloqlarida o‘tgan. Elas-elas eslayman, kichkinaligimda uyimizga gaz kelardi, keyin kelmay qoldi, trubalari bor edi, hozir esa gaz trubalari ham yo‘q. Barchamiz bir xonada yotardik. Yoshimiz katta bo‘lgani sari otam qo‘shni xonaga ko‘chdi, ammo u yer juda sovuqligi uchun tez-tez mazalari qochardi. Har doim shahardan qishloqqa borar ekanman, uyimiz issiqmikan deb o‘ylayman. Chunki otam sovuqda o‘tkazgan tunlari, bizlar issiq uyda ularni o‘ylab ko‘zimizga uyqu kelmasdi.

M.T, Qoraqalpog‘iston Respublikasi: – Necha yildirki, uyimizda gaz yo‘q. Ammo yaqinda MIBdan odam keldi, gazdan qarzimiz bor ekan, hayratlandim, yana qarzni vaqtida to‘lamaganim uchun penya ham yozilgan. O‘zingiz o‘ylang, yo‘q gazga qanday qilib qarz bo‘lishi mumkin? Qish paytida juda qiynalamiz. Kichkina farzandim o‘tgan qishda qattiq kasal bo‘lib, bir o‘limdan qoldi. Buyragi shamollagan ekan. Mayli, boshqa mavsumda gazni berishmasin, ammo qishda gazsiz juda qiyin bo‘lyapti. Ilojsiz qo‘lbola isitish moslamalarini yashirib ishlatyapmiz.

M.Ma’rufjonova, Farg‘ona viloyati: – Farg‘ona viloyati, Toshloq tumanida yashayman. Qish kelishidan dardimiz yana ko‘payadi. Qishlog‘imizda umuman gaz yo‘q. Har bir oila qishda jon saqlash maqsadida turli yo‘llar bilan uyini isitadi. Hozir o‘tin topish ham amrimahol, chunki bunga ruxsat berishmaydi. Ilojimiz qolmaganidan eski oyoq kiyimlarni yoqib, uyimizni isitamiz. O‘zim hamshiraman yoqilgan rezina vositalari tutuni allergiyani keltirib chiqaradi. O‘pkaga ziyoni katta. Ayniqsa yosh bolalar uchun bu juda xavflidir. Shuningdek, ayrim xonadonlar ko‘mirdan foydalanishni bilmagani uchun yong‘in holatlari ham yuz berdi. Qishlog‘imizda yashovchi fuqarolar bilan ko‘p marta tegishli tashkilot va idoralarga murojaat qilganmiz, afsus, foydasi bo‘lmadi. Suyultirilgan gaz ballonlarini sotib olamiz, ammo ularda isinishga imkoniyat yo‘q.

Z.Botirova, Samarqand viloyati: – Tumangaz idorasi tomonidan 3 900 000 (uch million to‘qqiz yuz ming) so‘m qarzdorlik hisoblandi. Bu qarzdorlik asossiz ekanligi aniqlanib, dalolatnoma tuzilganligiga qaramasdan, tuman MIB xodimlari tomonidan bu hujjat e’tiborga olinmadi va qarzni to‘lash talab etildi.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma murojaat qilib, qarzdorlik bekor qilindi. Aslida yo‘q gaz uchun shuncha qarz yozish insofsizlik emasmi? Necha yildirki, gaz yo‘q bo‘lsa. Ammo har doim gazdan qarz yozib ketishadi.

Bunday murojaatlar soni juda ko‘p. Insonni birlamchi ehtiyojlari qondirilmas ekan, xalqda norozilik kayfiyati yo‘qolmaydi. Gaz, bu – bizning maishiy hayotimizda birlamchi ehtiyojimizdir. Unda ovqat pishiramiz, uy isitamiz. O‘ylab ko‘ring, agar gaz yurtimizda barcha joylarga yetkazilib berilsa, qancha begunoh farzandlarimiz turli kasalliklar bilan joni qiynalmagan bo‘lardi, qancha oilalar uyni isitamiz, deb turli yo‘llar bilan qo‘lbola moslamalaridan foydalanib yong‘inlar tufayli halok bo‘lmagan bo‘lardi, eh, agar statistikaga murojaat qiladigan bo‘lsak bormi, yildan-yilga qurbonlar soni ortayotganini ko‘rishimiz mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda bekorga shuncha muhokamalar bo‘lmayapti. Albatta, mamlakatimiz gaz yetkazish bo‘yicha eng faol eksportchilar biri bo‘lsa-da, ammo haligacha aholimiz gaz bilan ta’minlanmagan. Xalqning ishonchni qozonishning yagona yo‘li, bu – va’da bermasdan, amaliy ishlar bilan ularning og‘irini yengil qilishdir.

Biz hammamiz kundalik hayotimizda iste’molchimiz. Iste’molchi sifatida haq-huquqlarimiz va majburiyatlarimiz ham bor.Bugungi kunda taraqqiyotga intilgan har bir davlat kuchi fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishga ustuvor vazifa sifatida qaramoqda. Bu jarayon tabiiyki inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy faolligini oshirish, jamiyatda manfaatdor muvozanatini ta’minlashda muhim o‘rin tutuvchi omildir. Qancha fuqarolarga imkoniyat yaratib berishga harakat qilmaylik, ammo hali ham ular katta muammo va to‘siqlardan tashqari, kundalik hayotida “vazni kamroq” muammolar oldida ojizligicha qolmoqda. Xo‘sh, yuqoridagi muammolar biz uchun qaysi toifadagi muammolar sirasiga kiradi?!

Balki kimlar uchundir bu bot-bot aytilgan mavzu bo‘lishi mumkin. Ammo eski muammo o‘z vaqtida hal bo‘lmasa, u har doim dolzarbligini yo‘qotmaydi. Barcha fuqarolarimizning tabiiy boyliklardan teng foydalanish huquqi bor. Biz qachon qonun va qoidalarni buzishimiz mumkin, qachonki, birlamchi ehtiyojlarimiz ta’minlanmasa.

Qo‘lbola moslamalaridan, turli yo‘llar bilan (noqonuniy) uyini isitgan yurtdoshlarimizni jarima va majburiy javobgarlikka tortamiz va soliq undiramiz. Ammo o‘ylab ko‘ring, gaz yo‘q bo‘lsa, boshqa uyni qanday qilib isitishimiz mumkin? Nega OAV yuzini qish kelishi bilan “dahshatli sarlavhali qurbonlar” sonini o‘qiymiz, nega bunday holatlarga fuqarolik pozitsiyamizni bildirmaymiz, nega kursida o‘tirgan tegishli tashkilot amaldorlari bunday voqealarga umuman befarq, qachon va’da berishni bir chetga qo‘yib, amaliy ishlar bilan band bo‘lamiz, qachon xalqimizning ko‘nglini topib, muammolarni hal qilamiz?! Xulosa o‘zingizdan...

Tegishli tashkilotlardan esa, amaliy javob kutamiz.

Ayjamal JOLDASBAEVA,
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish 
jamiyatlari federatsiyasi yetakchi mutaxassisi

5 386
O‘zA