O‘zA O`zbek

21.08.2019 Chop etish versiyasi

Har kimning qalbida o‘z Oroli bor…

Har kimning qalbida o‘z Oroli bor…

Inson umrbod orzu-umidlar og‘ushida yashaydi. Orol to‘la paytlari “dengiz balig‘ini bermadi” deya zorlangan Berdaq bobomizni eslang: g‘arib qal’alar dardi bilan yashagan buyuk Berdaq “biz sho‘rlikka yoz kelarmi?” deb qahratonda saratonni orzu qilganida kishilar qalbidagi dengizlar to‘lqinlanib, ko‘ngillarga dalda bergan.

Orol fojiasi olamga ma’lum. Noto‘g‘ri xo‘jalik yuritish siyosati oqibatida qurigan dengiz balki o‘z holiga qaytmas, lekin hayot davom etaveradi. Qoraqalpoqlar qadimdan g‘oyibdan baxt izlagan, o‘z orzulari qanotida parvoz qiladigan, oqko‘ngil, samimiy, kengfe’l va zahmatkash xalq. Ularning qaysar va qaytmas intilishlari, barchaga birdek bag‘rini ochadigan insoniy tuyg‘ulari hammaga ma’lum.

Prezidentimizning Orolga dastlabki qadamlaridan tortib, har safar takrorlagan “odamlar yaxshi yashashi kerak” degan so‘zlariga e’tibor bering. Orol qurishi bilan “yo‘g‘on cho‘zilib, kalta uzilib”, xalq bu yerdan umidini uzib keta boshlagandi. Bunday qarasangiz, hududidan bitta ham irmoq oqmaydigan, giyoh o‘smaydigan sahrolarda yashayotgan xalqlar bor, lekin ular ham jahon tamadduni bilan tutashgan holda hayot kechirmoqda.

Shavkat Mirziyoevning bayram arafasida muynoqliklar bilan dildan suhbatlashib, “Kimdir bizning islohotlarimizga shubha qilsa, Mo‘ynoqqa kelib ko‘rsin” degan so‘zlari hududdagi yangilanishlar ko‘lami va manzarasini yanada oydinlashtirdi.

Meni ayniqsa quvontirgan narsa Amudaryoning quyi oqimida mo‘tadil suv oqimini ta’minlashi mumkin bo‘lgan g‘oyaning olg‘a surilishidir. Daryo deltasida suv havzalari barpo etilishi baliqchilik bilan chorvachilikni rivojlantirishga imkon berishi aniq. Amudaryoning Tuyamo‘yin va Taxiatosh havzalari qarovsiz qolib, suv oqizib kelgan loyqa bilan to‘lib, hajmi kichrayib ketgan edi. Ushbu suv havzalari ta’mirlanib kengaytirilsa, quyi Amudaryoda mo‘tadil suv oqimini ham ta’minlash mumkin bo‘lardi.

Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonga bu galgi tashrifi ham odamlarda yangi-yangi umidlar paydo qildi, yaxshi yashashga ishonch tuyg‘usini kuchaytirdi.
O‘rozboy Abdurahmonov,

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi

3 064
O‘zA