O‘zA O`zbek

16.07.2020 Chop etish versiyasi

Har bir tizim faoliyatiga bahoni albatta xalq beradi

Har bir tizim faoliyatiga bahoni albatta xalq beradi

“Kadastr” - xalqqa yaqin kunlargacha bir uyum qogʻoz va 3-4 oylab vaqt talab qiladigan yumushni eslatardi. Barcha sohalardagi kabi Davlat yer geodeziya kadastr tizimida ham bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirilmoqda. Fuqarolarning uy-joy qurishi, tadbirkorlik yuritish uchun yer uchastkasini olishdan tortib, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, davlat roʻyxatidan oʻtkazishgacha boʻlgan jarayon ixchamlashdi. 

Kadastr kitoblari oʻrniga smart kartalarning joriy etilishi esa tizimning raqamlashayotganidan dalolatdir. Hademay, Navoiyda ham bu islohotlar boshlanadi, boisi Toshkent, Fargʻona, va Andijonda fuqarolar uy-joylari kadastr kitobi oʻrniga smart kartalarga ega boʻlishmoqda.

Mahalliy ishbilarmon Sherzod Tursunov ham tadbirkorlik obyektini foydalanishga topshirish uchun Navoiy shahar davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurib, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, qurgan bino va inshootini foydalanishga topshirish uchun ariza tashladi. Mahalliy tadbirkorning taʼkidlashicha, “Ishonch gilamlari” xususiy korxonasi ishbilarmonlari oʻz biznesini kengaytirib, aholiga qurilish mollari yetkazib berishni ham yoʻlga qoʻyishgan. 

Tadbirkor murojaati oʻsha zahotiyoq, “Yermulkkadastr” tizimining elektron bazasiga tushdi. Tizim xodimlari bir kundan soʻng tadbirkorning foydalanish uchun murojaat qilgan obyektida boʻldilar. Mutaxassislar bino atrofi va ichki qismini tekshirib, qurilgan imorat korxona ishchi xodimlari hayotiga xavf solmasligiga amin boʻlishdi. Tadbirkor belgilangan muddatda yana Davlat xizmatlari markazida boʻldi. Murojaatiga koʻrsatilgan davlat xizmatidan mamnun ishbilarmon har ikkala tizimda tezkorlikda bajarilgan yumushdan qanoatlandi.

Tizim tadbirkorlar bilan bir qatorda aholiga ham sifatli xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻygan. Fuqaro Kenjagul Hamroyeva xonadonida qoʻshimcha bino qurgani bois kadastr kitobini yangilamoqchi boʻlib, Karmana tumani Davlat xizmatlari markazidan murojaat qildi. Ariza sanoqli daqiqalarda tizimga integratsiya qilingan tashkilotga elektron shaklda tashlab berildi. Fuqaro istiqomat qiladigan hududdagi “Yermulkkadastr” davlat korxonasi murojaat yuzasidan xodimlarni xizmat koʻrsatilishi lozim boʻlgan obyektga joʻnatdi. 

Fuqaro murojaatidan soʻng ikkinchi kunda “Yermulkadastr” davlat korxonasi Karmana tumani filiali xodimlari Kenjagul Hamroyeva xonadonida boʻlib oʻlchash ishlarini amalga oshirishdi. Qurilgan imorat oila aʼzolari hayoti uchun xavf tugʻdirmasligi aniqlangach, amalga oshirilgan ish yuzasidan dalolatnoma tuziladi. Xullas, besh ish kunida fuqaro Davlat xizmatlari markaziga yangilangan kadastr kitobini oldi.

Navoiy viloyatida mazkur tizim faoliyatiga albatta bahoni xalq beradi. Davlat xizmatlari Agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi boʻlim boshligʻi Farrux Roʻziyevdan olingan maʼlumotga koʻra, joriy yilning iyun oyiga qadar Davlat xizmatlari markazlari orqali jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan “Yermulkkadastr” davlat korxonasiga yuborilgan 10 ga yaqin xizmat turlari boʻyicha 7723 murojaatdan 522 tasiga rad javobi berilgan. Tizim bergan rad javoblari asoslimi, degan haqli savolga Navoiy viloyati “Yermulkadastr” davlat korxonasi axborot tahlil boʻlimi boshligʻi Akbarali Ibrohimovning javobi shunday boʻldi.

- Aksariyat hollarda fuqarolar hujjatlarni toʻliq taqdim etilmasligi, mulkka nisbatan oʻzaro ziddiyatlar boʻlganda rad javobi beriladi. Asosan oʻlchash ishlarini amalga oshirish jarayonida fuqarolarning ular bilan bogʻlanish uchun qoldirgan telefon raqamlariga tushib boʻlmaydi. Natijada mutaxassislar xabarlashmay koʻrsatilgan manzilga borganida murojaatchilarni topolmay qaytish hollari ish unumiga salbiy taʼsir etmoqda.

Toʻgʻrisi, “Davlat yer geodeziya kadastr” tizimida hali amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar bisyor. Ayni kunda tizim korrupsiya va tamagirlikka qarshi kurashda halollik vaksinasini qoʻllashni birinchi galdagi vazifa deb biladi. Mutaxassislar uchun iqtisodiyotning turli tarmoqlari va ijtimoiy sohada xizmatlar koʻrsatishda sansalorlikka chek qoʻyish bilan aholi ishonchini qozonish muhim omildir. Zero, xalq ishonchi har ikki tizim uchun ahamiyatli.

DXA Navoiy viloyati boshqarmasi axborot xizmati

988
O'zA