O‘zA O`zbek

02.08.2018 17:42 Chop etish versiyasi

Har bir murojaat e’tiborda

Urganchda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan 2018 yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Xorazm viloyati prokuraturasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan anjumanda departamentning viloyat boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari faoliyatini takomillashtirish, iqtisodiy jinoyatlar vakorrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalari ishtirokini ta’minlashmasalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentimizning 2018 yil 23 maydagi “Byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini tubdan oshirish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjatda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga bir qator dolzarb vazifalar yuklatilgan. Iqtisodiy jinoyatlarga va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni kompleks tahlil qilish hamda qonunchilikni, huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini oshirishga ko‘maklashish shular jumlasidandir.

– Boshqarma tomonidan o‘tgan 6 oy davomida profilaktika, qonunchilik targ‘iboti, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2 ming 271, tadbirkorlarning himoyasiga oid qonunchilikni targ‘ibot qilish ishlari bo‘yicha 1 ming 227 profilaktik tadbirlar o‘tkazildi, – deydi Departamentning viloyat boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi katta inspektori Dilrabo Kuryazova. – Shuningdek, 329 tadbirkorlik subyektiga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatilib, 350 yangi ish o‘rni yaratildi. Tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 23 jinoyat fosh etildi.

Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi va hududiy bo‘limlarda faoliyat ko‘rsatayotgan “Ishonch telefon”lari hamda elektron xizmatlar orqali fuqarolar va tadbirkorlik subyektlaridan bo‘layotgan murojaatlar o‘z vaqtida qabul qilinib, izchil o‘rganilmoqda.

A.Shokirov, O‘zA
2 147