O‘zA O`zbek

23.09.2020 Chop etish versiyasi

Har bir mashina kuniga 8-10 tonna paxta termoqda

Har bir mashina kuniga 8-10 tonna paxta termoqda

Jizzax viloyatining Mirzachoʻl tumanidagi Azamat Xolboyev rahbarligidagi “Arman Abzal” fermer xoʻjaligida birinchi terim mashinalar bilan boshlandi. Xoʻjalikning mashinabop qilib oʻstirilgan 120 gektarlik paxta maydonidagi hosil ikkita “TTZ SE 220” rusumli terim mashinasi yordamida terilmoqda.

11,5 ming gektar maydonda paxta yetishtirgan tuman fermerlari bu yil davlatga 32 ming 240 tonna paxta xomashyosini sotish boʻyicha shartnoma qilgan. Ushbu hosilning 8 ming 850 tonnasini terim mashinalari bilan yigʻishtirib olish moʻljallanmoqda.
photo_2020-09-23_18-55-49.jpg

Tumanda paxta terimi ommaviy boshlandi. Mavjud 40 ta paxta terish mashinasi maxsus ajratilgan maydonlardagi hosilni yigʻishtirishga kirishdi.

Paxtachilik uchun oʻtgan yillarga nisbatan bir muncha murakkab kelgan bu yilgi mavsumda hosilni paxta terish mashinalarida yigʻishtirib olish har yilgidanda katta ahamiyatga ega. Tumanda oʻtgan yilgi mavsumda 15 ta “MX-1.8”, 5 ta “TTZ SE 220” rusumli terim mashinasi ishlatilgan edi. Bu yil paxta terimi mavsumi oldidan yana 20 ta “TTZ SE 220” rusumli mashina xarid qilindi.

photo_2020-09-23_18-55-46.jpg

– Terim mashinalaridan unumli foydalanish uchun mavsum oldidan ularning sozligi toʻliq texnik koʻrikdan oʻtkazildi, – deydi “Oʻzagroinspeksiya” tuman boʻlimi texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish shoʻbasi katta inspektori Sanjar Norqulov. – Mavsumda har bir terim mashinasining benuqson ishlashi kafolatlanib, kuniga har bir “TTZ SE 220” rusumli mashinalar yordamida 10 tonnadan va “MX-1.8” rusumli mashinalar yordamida 3 tonnadan paxta terilishi, bir oy davomida mashinalar yordamida 8 ming 850 tonna hosilni yigʻishtirib olish rejalashtirilgan. Agar bir nafar terimchi kuniga oʻrtacha 60-70 kilogramm, 30 kunlik mavsumda 1,8-2,1 tonna paxta terishi inobatga olinsa 40 ta mashina 5 mingga yaqin terimchining ishini bajaradi. Aynan shunday ish unumdorligini taʼminlash uchun barcha imkoniyat bor.

photo_2020-09-23_18-55-43.jpg

“Mashina terimi – ishning unumi” degan maqol bejiz aytilmagan. Ayniqsa hozirgi pandemiya sharoitida kasallikning tarqalishi oldini olishda, terimchilar uchun sarflanadigan oziq-ovqat, yotoq joy, transport va boshqa xarajatlarining iqtisod qilinishida terim mashinalaridan foydalanishning nechogʻli afzalligi koʻrinib turibdi.

Birinchi kunning oʻzida Mirzachoʻlda “TTZ SE 220” mashinalarining har biri bilan 8-10 tonnadan hosil yigʻishtirib olindi. Xuddi shunday viloyatning boshqa tumanlari paxtazorlarida ham mashina terimi boshlandi.


5 453
Toshqul. BEKNAZAROV, J. YORBEKOV (surat), OʻzA