Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.10.2017 16:39 Chop etish versiyasi

Har bir inson umri davomida albatta borib ko‘rishi shart bo‘lgan eng mashhur shaharlardan biri

Har bir inson umri davomida albatta borib ko‘rishi shart bo‘lgan eng mashhur shaharlardan biri Qariyb uch ming yillik tarixi davomida yirik ilm-fan va madaniyat markazi bo‘lib kelayotgan Samarqand azaldan o‘zining betakror tabiati, Sharq me’morchiligining noyob durdonalari bo‘lmish muhtasham bino va inshootlari bilan dunyoga mashhur. Ulug‘ allomalar, tarixchilar, ijodkorlar tomonidan “Buyuk ipak yo‘lining chorrahasi”, “yer yuzining sayqali”, “Sharq gavhari”, “qadimiy va hamisha navqiron” degan ta’rifu tavsiflar bilan tilga olinadigan shahar hamisha jahon ahli nigohida.

Uni bir bor ko‘rishni, go‘zalligidan bahramand bo‘lishni sayyoramizning turli qit’alarida yashovchi insonlar ham orzu qilishadi. Shuning uchun ham Samarqand – har bir inson umri davomida albatta borib ko‘rishi shart bo‘lgan dunyoning ellikta eng mashhur shaharlari qatorida e’tirof etiladi.

Samarqand uzoq o‘tmishi davomida ko‘p voqealarga guvoh bo‘lgan, taraqqiyot va tanazzulni boshdan kechirgan. Bu haqda tarixiy manbalarda ma’lumotlar ko‘p uchraydi. Samarqandning har qarich yerida, tarixdan meros bo‘lib kelayotgan qadimiy obidalar, inshootlarda ham o‘tmish izlarini ko‘rish mumkin. Ular kishi ko‘ngliga goh mahzunlik solib, o‘yga toldirsa, goh g‘urur-iftixor uyg‘otib, buyuk ajdodlarga munosib bo‘lishga, ularning an’analarini davom ettirishga da’vat etadi.

Vatanimiz mustaqilligi Samarqand shahri hayotida mutlaqo yangi davrni boshlab berdi, istiqlolning nurafshon nurlari bilan bu qadimiy kentning har bir go‘shasi, unda hayot kechirayotgan har bir inson qalbini yoritdi.

Har bir inson umri davomida albatta borib ko‘rishi shart bo‘lgan eng mashhur shaharlardan biri

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning o‘zi tug‘ilib o‘sgan shaharga muhabbati tufayli bu qadimiy va hamisha navqiron kentning boy tarixi, madaniyatini o‘rganish, uni keng targ‘ib etish, tarixiy obidalar va muqaddas ziyoratgohlarni asrab-avaylash va obod qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ana shu bunyodkorlik ishlari tufayli Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, Shohi Zinda yodgorlik majmui, Bibixonim masjidi, Registon ansambli va uning atrofi obod etilib, ulug‘vorligiga mos ko‘rkamlik kasb etdi. Asrlar davomida nafaqat nomi, hatto dafn etilgan joyi ham tilga olinmagan buyuk ajdodimiz Imom Moturidiy qabri o‘rnida ulkan maqbara bunyod etilib, muqaddas qadamjo obod qilindi.

Shaharning tarixiy hududi bilan birga, yangi shahar qismida ham bunyodkorlik ishlari uyg‘un tarzda olib borildi. Buning natijasida Amir Temur xiyoboni, Alisher Navoiy nomidagi markaziy madaniyat va istirohat bog‘i, Ko‘ksaroy maydoni, Universitet xiyoboni, Shoirlar bog‘i va boshqa maskanlar zamon talablari darajasida rekonstruksiya qilindi. Shaharga kiruvchi yangi yo‘llar ochildi, Bo‘stonsaroy, Registon, Ibn Sino, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kengaytirilib, atrofida zamonaviy turar joylar, ma’muriy binolar va ijtimoiy soha ob’ektlari qurildi.

Samarqandda ushbu bunyodkorlik ishlarining har biri yirik anjumanlar, yubiley sanalariga bog‘lanib, xalqaro ahamiyat va ko‘lam kasb etdi. Ayniqsa, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Imom Moturidiy, Xo‘ja Ahror Vali va boshqa ulug‘ allomalar tavalludining yubiley sanalari, Samarqand shahrining 2750 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. 1997-yildan buyon Samarqand xalqaro miqyosdagi san’at anjumani – “Sharq taronalari” musiqa festivaliga mezbonlik qilib kelmoqda. Har ikki yilda o‘tkazib kelinayotgan ushbu tadbir dunyo xalqlari milliy musiqa va qo‘shiqchilik san’ati an’analarini o‘rganish, targ‘ib etish, san’at vositasida xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu yil o‘n birinchi bor tashkil etilgan festivalda dunyoning oltmishga yaqin davlatidan san’at namoyandalari ishtirok etdi.

Har bir inson umri davomida albatta borib ko‘rishi shart bo‘lgan eng mashhur shaharlardan biri

1996-yil 18-oktabrda Samarqand shahrida Sohibqiron Amir Temur haykalining tantanali ochilish marosimida mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ushbu kunni Samarqand shahri kuni sifatida nishonlash tashabbusini bildirgan edi. Shundan buyon har yili bu sana shaharda keng nishonlab kelinmoqda.

Bu yil ham shahar ahli Samarqand kunini keng nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rdi. Bir qator yangi bino va inshootlar, ko‘chalar foydalanishga topshirilish arafasida.

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan shaharda tramvay qatnovi yo‘lga qo‘yilishi va ayni paytda bu boradagi ishlar izchil davom ettirilayotgani, Ro‘dakiy ko‘chasida olib borilayotgan rekonstruksiya ishlari, ehtiyojmand oilalar uchun ko‘p qavatli, arzon uy-joylar bunyod etilayotgani Samarqandni yana ham obod qilish, shahar aholisi uchun munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilgan ulkan e’tibor natijasidir, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi raisi A.Muhiddinov. – Bunday bunyodkorlik ishlari shahrimizning har bir go‘shasida, mahallasida olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari keyingi bir yil davomida Samarqandga bir necha bor tashrif buyurib, shaharni yana ham obod qilish, uning turistik salohiyatini oshirish, yangi yo‘llar ochish yuzasidan ko‘plab tashabbuslar bildirdi va ular ayni paytda amalga oshirilmoqda. Xususan, shaharda bir necha mehmonxona, restoran va boshqa majmualardan iborat zamonaviy turistik markaz tashkil etilishi Samarqandning yirik sayyohlik sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirish barobarida, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Darhaqiqat, keyingi bir yilda Samarqand shahrida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari Vatanimiz mustaqilligining 25 yili davomida olib borilgan sa’y-harakatlarning uzviy davomi sifatida shahar ahli tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ayniqsa, xalqimizning ardoqli farzandi, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov dafn etilgan Hazrati Xizr majmuasi va uning atrofida olib borilayotgan ulkan qurilish-obodonlashtirish ishlari, Registon maydoni yaqinida, Buyuk Yurtboshimiz tug‘ilib o‘sgan hududda uning salobatli haykali qad rostlashi Samarqandning qutlug‘ ziyoratgohlarini yanada ko‘paytirdi.

Bu yil Samarqand shahri kuni tadbirlari ushbu maskanlardan boshlanadi. Ulug‘ inson boshlagan ezgu an’analar bugungi avlod tomonidan davom ettiriladi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
2 478






Все о погоде - Pogoda.uz