O‘zA O`zbek

13.08.2018 15:48 Chop etish versiyasi

Har bir g‘o‘zada 20-25 ta ko‘sak

Har bir g‘o‘zada 20-25 ta ko‘sak Jizzax viloyati Arnasoy tumanidagi “Tolloy ona” fermer xo‘jaligi zarbdor 40 kunlikda hosilga-hosil qo‘shayotgan peshqadam jamoalardan biri.

G‘o‘za parvarishini agrotexnik talablar asosida olib borayotgan xo‘jalik a’zolari har gektar maydondan 40 sentnerdan hosil olishni mo‘ljallamoqda.

Paxtachilikda boy tajriba to‘plagan ahil jamoa mehnatini bir tekis hosil to‘plashga o‘tgan baravj g‘o‘zalar ham ko‘rsatib turibdi. Har tup g‘o‘zada 25-30 tagacha, ba’zilarida hatto 35-40 tagacha ko‘sak sanash mumkin.

– Dehqon uchun qulay yil, ayniqsa, bizning hududimizda kam bo‘ladi, – deydi “Tolloy ona” fermer xo‘jaligi rahbari S.Mavlonov. – Ayniqsa, bu yil arnasoylik dehqonlar uchun tabiatning sinovi qattiqroq bo‘ldi. Endi qiyinchilik ortda qoldi hisob. G‘o‘za yalpi hosilga “o‘tirdi”. Paxta rivojidagi kechikishni yetkazib olishimizda mamlakatimizda fermerlarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, xususan, tuman hokimligi, sektor rahbarining yordami katta bo‘layotir. Joriy yilda bulturgidan-da ko‘p hosil olishni mo‘ljallab turibmiz.

Jizzax dashtini o‘zlashtirishning eng so‘nggi davrida ochilgan, suvning oxirgi qulog‘i, Qizilqum garmseli yo‘lidagi birinchi bekat bo‘lgan Arnasoyda paxtachilik uchun birmuncha murakkab kelgan bu yilgi mavsum dehqonni chinakam sinovdan o‘tkazmoqda. Ana shu tabiiy iqlim qiyinchiliklariga qaramay, o‘tgan yilgidek paxta yetishtirayotgan fermerlar ko‘p. “Tolloy ona” bilan yonma-yon "Turon”, “Oltin zamin ko‘zgusi” va “Ochil ota” fermer xo‘jaliklari dalalarida ham paxta rivoji hosildorlik o‘tgan yilgidan mo‘l bo‘lishini ko‘rsatmoqda.

Bugun bunday omilkorlik bilan mehnat qilayotgan fermerlar ko‘p. Qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassislari tumanning barcha hududlarida g‘o‘za rivojini o‘rganib chiqdi. G‘o‘za rivoji sust, hosil to‘plashda ortda qolayotgan maydonlar aniqlanib, qo‘shimcha agrotexnik tadbirlar o‘tkazilayotir. Sug‘orish “sharbat” usulida amalga oshirilmoqda. Zararkunanda hasharotlarga qarshi biologik usulda samarali kurash olib borilmoqda.

– Tumanimizda 9 ming 200 gektarda paxta yetishtirilmoqda, – deydi tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari I.Shakarov. – Ayni paytda barcha maydonlarda g‘o‘za rivoji qoniqarli. Paxta hosili uchun ajratilgan imtiyozli bank kreditlari, o‘g‘it va neft mahsulotlari vaqtida yetkazib berilayotgani, barcha agrotexnik tadbirlar obi-tobida o‘tkazilayotgani g‘o‘za rivojidagi kechikishni to‘ldirish imkonini bermoqda.

Dalada ishlayotganlarga ko‘ngildagidek mehnat va dam olish sharoiti yaratish ham sektor rahbarlari e’tiborida. Har bir hududiy fermer xo‘jaligi uyushmasi dalasida “Mexanizatorlar uyi” tashkil qilinib, bu yerda yotoq joyi, issiq ovqat va boshqa zarur sharoitlar yaratilgan. Natijada kultivatorlar unumli ishlatilayotir.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat) O‘zA
2 393