Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.01.2018 15:24 Chop etish versiyasi

Haqiqatni aytaman deb “narkobaron”ga aylangan jurnalist da’vati

Mening fikrim

Dunyoning yetti mo‘jizasi ham inson tomonidan, aynan uning qo‘li bilan bunyod etilgan. Darvoqe, noma’lum tarixchi yo voqeanavis tarixni tilga kirgizib, O‘rxun, Enasoy toshbitiklarini yaratmaganda biz qadim ajdodlarimiz hayotiy lavhalaridan tamoman bexabar qolaverardik. “Boburnoma”chi. Badiiy haqiqatmi? Yo‘q. Har-bir satrida hayotiy haqiqat, shoh va shoirning alam va iztiroblari aks etgan. Demak, hamma makon va zamonlarda ham haqiqatni odamlarga yetkazish hayotiy ehtiyojga aylangan.

Mustaqillik yillariga, to‘g‘rirog‘i, axborot asriga kelib imkoniyat maydoni nihoyatda kengayib ketdi. Gazeta-jurnallar, internet, elektron nashrlar deysizmi, son-sanog‘iga yetish qiyin. Taassufki, gazeta jurnallarning birortasida kecha voqelikni to‘laroq yoritishga xizmat qilgan ocherk, lavha, reportajlarni uchratmaysiz, tahliliy maqolalar kamayib ketdi. Felyeton deganimiz, allaqachon anqoning urug‘iga aylangan. Balki ular tezkor zamon talablariga javob bermay qolgandir. Ularning o‘rniga yangilari yaratilgandir. Bunga korxona, tashkilotlarning javonlarida chang bosib yotgan, hatto ochib ham o‘qilmagan gazeta to‘plamlaridan javob topganday bo‘lasiz. Qolipdan chiqqanday bir hil – yutuqlar sanalgan, hissiz, haroratsiz maqolalar. Ularda odam yo‘q. Bugunning tashvish-muammolari yo‘q. Barcha masalalar go‘yo hal etilganu, qolgan qutganlari bilan xalq qabulxonalari shug‘ullanayotgandek.

Yoki bir deputat chiqish qiladi deng. Qabul qilinayotgan yangi qonun haqida rosa gapiradi. Lekin o‘zlari qabul qilgan qaysi qonunlar ishlamayotgani, davr talablariga javob bermayotgani haqida lom-mim demaydi. Go‘yo, qonunlar qabul qilindi bo‘ldi, uyog‘i bilan ishi yo‘q, tamom-vassalom.

Teleko‘rsatuvlarda ham tezkor zamon nafasi sezilmaydi. Ba’zi telekanallar ovqat tayyorlashu san’atkorlarni reklama qilishdan nariga o‘tmayapti. Go‘yo qishloqlarda o‘tin, ko‘mir, gaz, elektr energiya, ichimlik suvi va boshqa muamolar to‘la hal etilgandek. Oilaviy-maishiy mavzulardagi hatto bir ko‘rishga ham arzimaydigan seriallar, ulardagi shohona uylar silliqina hal etilayotgan muammolarni ko‘rib hayron qolasan. Nima atrofimizda mardikor bozorlari yo‘qmi, millionlab odamlar, ayniqsa, xotin-qizlar ish izlab chet ellarga ketmaganmi? Televideniyedagilar xuddi san’at-san’at uchun, degan shiorni niqob qilib olganga o‘xshaydi. Durustroq xizmati bo‘lmagan, aniqrog‘i to‘ydan bo‘shamagan san’atkorlarni dahoga aylantirish, adabiy til qoidalarini har qadamda buzish urfga aylangan.

Hov birodar, jurnalistika aslida mas’uliyat va javobgarlik degani. Bu davrning ko‘zi, qulog‘i bo‘l, uning har-bir yurak urishini his qil, oromingdan kech degani. Bobolaring xoki yotgan, bolalaring o‘sayotgan yurtga fidoyi bo‘l. Kerak bo‘lsa jasorat ko‘rsat degani. Bu sohada loqayd va tomoshabin bo‘lish yurt kelajagiga xiyonat bilan barobar.

1997 yilning 25 mayi jurnalistik faoliyatimda eng qora kun bo‘lib qolgan. O‘sha kuni mening mashinamga qoradori tashlab qamoqqa olishdi. Qo‘shrabot tuman prokurori ustidan yozilgan sobiq tergovchining shikoyat xati o‘z isbotini topganligi, ular taklifiga rozi bo‘lmaganim, nohaq qamalib yotganlar taqdiriga kuyunganim uchun shunday qilishdi. Birinchi kuni 19 gramm deb, maxsus ma’lumot tarqatishdi. Ikkinchi kuni uni 61 grammga chiqarishib meni “narkobaron”ga aylantirishdi. Men o‘shanda yolg‘izlik nimaligini his qildim. Atrofimda loqayd, tomoshabin hamkasblarimni ko‘rdim. Tergov, soxta guvohlar, har kuni tergovga va o‘z-o‘zimga berilgan so‘roqlar, lahzasi soch oqartiradigan shiringina azoblar...

Ishga respublika prokuraturasi aralashgach, jinoyat ishi xolis tergov o‘tkazish uchun Navoiy viloyat prokuraturasiga berildi. Tergovda menga qo‘yilgan ayblar o‘z isbotini topmagani uchun jinoyat ishining menga tegishli qismi respublika JPKning 83-moddasi 2-qismi bilan bekor qilindi. Qoradorini noma’lum shaxs tashlab ketgan bo‘lib chiqdi.

Xo‘sh, qoradorining egasi kim edi? “Hurriyat” gazetasida bosilgan “Men qamalib chiqdim” sarlavhali maqolamda ana shu savolga javob izlandi, qonun va ijro organlarining jinoyatlari ochib tashlandi. Maqola huquqiy organlarda jiddiy muhokamaga sabab bo‘ldi. Ko‘plarning ko‘zini ochdi. Kimlarning yoqasidan tutdi. Xullas, adolat uchun kurashish kerak va zarur ekanligini amalda isbotladi.

Bugun mamlakat hayotida hal qiluvchi damlar boshlandi. Bu jabhada jurnalist voqealarni kuzatuvchisi emas, faol ishtirokchisi bo‘lishi kerak. Ajdodlarimiz, kelajak avlod oldida isnodga qolmaslik uchun ham shunday qilish kerak.

Yalg‘osh Sariyev,
jurnalist

O‘zA
1 579