Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 19:08 Chop etish versiyasi

Hamshira o‘n yil deganda ishli bo‘ldi

Joriy yilning 19-20-sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.Abdullayev, ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.Tohiriy, adliya vaziri birinchi o‘rinbosari N.Jo‘rayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N.Norboyev Surxondaryo viloyatida sayyor qabullar o‘tkazdi. Fuqarolar va tadbirkorlarning murojaatlari, taklif va muammolarining aksariyati joyida ijobiy hal etildi.

Mamlakatimizda xalq bilan muloqot qilish va murojaatlar bilan ishlashning mutlaqo yangi, zamonaviy va samarali tizimi yaratilgani odamlarning og‘irini yengil qilish, muammolarini hal etishda yuksak samaralar bermoqda. Shu asosda joylardagi mavjud ahvol, aholi duch kelayotgan muammolar atroflicha o‘rganilib, zarur chora-tadbirlar belgilanayotgani, fuqarolarni o‘ylantirayotgan ko‘plab masalalar joyida o‘z yechimini topayotgani odamlarning adolatga, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda. Jamiyatda korrupsiya, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga xizmat qilmoqda. Rahbarlar va mansabdor shaxslar mas’uliyatini oshirmoqda.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida mamlakatimiz sud-huquq tizimini isloh qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Fuqarolarning murojaatlari va joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar ham sohada tub islohotlarni amalga oshirish muhim hayotiy ehtiyoj ekanini ko‘rsatmoqda.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining o‘tgan davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatdagi Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarning 2 ming 195 tasi ichki ishlar, 930 tasi sud, 542 tasi prokuratura organlariga tegishlidir. 815 tasi sud qarorlarining ijrosiga oid masalalar bo‘lsa, 1 ming 373 murojaatda alimentni undirish, 79 murojaatda afv etish bo‘yicha yordam so‘ralgan. 218 murojaat tadbirkorlik huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq. Ayrim murojaatlarda fuqarolar uy-joy bilan bog‘liq nizolar, o‘zi yoki oilasiga oid sud qaroridan norozi bo‘lib shikoyat yozgan.

Ba’zi yurtdoshlarimiz yo‘l va ko‘prik qurilishi bilan bog‘liq ishlar, bandlik, ish haqi yoki nogironlik nafaqasini undirish singari masalalarda sansolarlikka duch kelayotganini ta’kidlab, murojaat qilgan.

– O‘tgan yili bahorda qattiq yog‘ingarchilik bo‘lib, qishlog‘imizni Boysun tumani markazi bilan bog‘laydigan ko‘prikni sel olib ketgan edi, – deydi mehnat faxriysi X.Norqobilov. – Kutilmagan tabiiy ofat transport qatnovini juda qiyinlashtirib qo‘ydi. Ayniqsa, keksalar, bemorlar va ayollar o‘nqir-cho‘nqir soydan o‘tishda qiynalmoqda. Ushbu masala bo‘yicha mahalliy rahbarlarga bir necha marta uchrashdik. Afsuski, ularning javobidan qanoatlanmadik. Shundan so‘ng, hademay qishli-qirovli kunlar boshlansa, ahvolimiz ne kechadi, degan o‘yda viloyat hokimi va Prezidentimizning Xalq qabulxonasiga murojaat qildik. Endi masala ijobiy hal etilishiga umid qilib turibmiz.

Sayyor qabulning dastlabki kuni viloyat markazida Termiz shahri, Angor, Muzrabod, Jarqo‘rg‘on, Termiz, Qiziriq tumanlari fuqarolari va tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan muloqotlarda qator murojaatlar hal etildi. Uzun, Boysun, Sherobod va Sariosiyo tumanlarida bo‘lib o‘tgan sayyor qabullarda ko‘tarilgan masalalarga adolatli yechim yo‘llari izlandi. Hal etilishi vaqt talab qiladigan shikoyatlar qonun doirasida o‘rganib chiqish uchun alohida nazoratga olindi.

– Uzoq yillar Termiz shahridagi 1-avtokorxonada ishladim, – deydi fuqaro A.Hayitaliyev. – II-guruh nogironi bo‘lib qoldim. Mana, ikki yildan buyon avtokorxonadan nogironlik nafaqamni undirolmay ovoraman. Sudning qarori ham bor. Bugungi sayyor qabulda mutasaddilar murojaatim bilan atroflicha tanishgach, qonuniy manfaatimni himoya qilib, masalani joyida hal etish choralarini ko‘rdi.

Denov tumanidagi Yangi Hazarbog‘ mahallasida yashayotgan Yu.Normo‘minovaning tibbiyot kollejini tugatganiga 10-yil bo‘ldi. Shu yillarda u tuman mutasaddilariyu, tibbiyot muassasalari rahbarlariga ish so‘rab, juda ko‘p murojaat qildi. Ammo har safar u “mutaxassisligingiz bo‘yicha ish yo‘q”, degan qisqa javob eshitdi.

– Tuman markazida sayyor qabul bo‘lishini eshitib, turmush o‘rtog‘im bilan maslahatlashdim va bu yerga keldim, – deydi Yu.Normo‘minova. – Adliya vazirligining mutasaddilariga uchrashdim. Masala joyida hal etildi. Denov tumani markaziy shifoxonasiga ishga yo‘llanma oldim. Uyimizdan biroz uzoq bo‘lsa ham o‘z mutaxassisligim bo‘yicha ishli bo‘lganimdan xursandman.

Shu kuni Denov tumanida Oltinsoy, Denov va Sho‘rchi tumanlari aholisi uchun tashkil etilgan sayyor qabulda ko‘tarilgan masala va muammolarning ildizi, sabablari tahlil qilindi, ko‘plab murojaatchilarning qonuniy huquq va manfaatlari tiklandi. Joylarda yechimi izlab yurilgan muammolar hal etilgani adolat mezonlari ulug‘lanayotgan mamlakatimizda fuqarolarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlab, yurt taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirdi. Zero, qonun ustuvorligi ta’minlangan jamiyatda rivojlanish, yuksalish bo‘ladi. Odamlar hayotdan rozi bo‘lib yashaydi. Ariza, shikoyat va ortiqcha ovoragarchiliklarga sabab ham, o‘rin ham qolmaydi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
885






Все о погоде - Pogoda.uz