O‘zA O`zbek

29.05.2020 Chop etish versiyasi

Hammasini boshidan boshlab, hayotimni toʻgʻri yoʻlga qoʻyaman

Hammasini boshidan boshlab, hayotimni toʻgʻri yoʻlga qoʻyaman

Prezidentimizning joriy yil 21-maydagi “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidan 3 nafar shaxs oilasi bagʻriga kaytgan edi.

Ularning ikki nafari jamoat xavfsizligi bilan bogʻliq, bir nafari esa oʻgʻrilik jinoyatini sodir etganlikda ayblangan.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov, hudud sektorlari rahbarlari afv etilganlar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda afv etilganlarni sogʻlom turmush tarziga qaytarish masalalari mahokama qilindi.

– Oʻzim Toshkent Iqtisodiyot universitetini tamomlaganimga qaramasdan, tadbirkorlikka qoʻl urib, bir necha yil elektron maishiy jihozlar savdosi bilan shugʻullanib keldim, – deydi sobiq mahkumlardan biri, Gʻijduvon tumani, Fayzulla Xoʻjayev nomidagi mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Ilhom Xayriyev. – Shu orada bilib-bilmay, diniy-ekstremistik oqimga qoʻshilib qoldim. Albatta, qilmishimga yarasha javobgarlikka tortildim. Umrimning bir necha yilini panjara ortida oʻtkazganim menga juda ogʻir botdi. Oilam, farzandlarimni qiyin ahvolga solib qoʻydim. Ammo endilikda hammasini boshidan boshlab, hayotimni toʻgʻri yoʻlga qoʻyishga ahd qildim.

Fuqaro I.Xayriyevga shaxsiy hujjatlarini yangidan tayyorlab berilishi, yashash uyi homiylik asosida qayta taʼmirlanishi mutasaddi rahbarlar tomonidan nazoratga olindi. Shuningdek, qilmishidan qatʼiy xulosa chiqarib, tuzalish yoʻliga kirgan fukaro Mansur Farhodov ham moʻmay foyda ilinjida rangli metal savdosi bilan xufyona shugʻullanib, qoʻlga tushgan va jinoiy guruh aʼzosi sifatida javobgarlikka tortilgan edi. Fukaro M.Farhodov viloyat sektor raxbarlari bilan yuzma-yuz muloqotda oʻzi yashayotgan “Oʻzanon” MFY dagi hovlisida chorvachilik bilan shugʻullanmoqchi ekanligini taʼkidladi. Rahbarlar tomonidan fukaroga faoliyatini boshlash uchun 30 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit olishiga koʻmak berilishi aytildi.

Afv etilganlarning salomatligi qayta koʻrikdan oʻtkazildi. Ularga “Ijtimoiy koʻnikma” markazlari tomonidan 1 million 225 ming soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam puli berildi xamda muqim ish oʻrni bilan taʼminlandi.

769
Zarif Komilov, OʻzA