Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.02.2017 16:30 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya onkologiya ilmiy markazlari o‘rtasida memorandum imzolandi

Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi onkologiya ilmiy markazi va N.Bloxin nomidagi Rossiya onkologiya ilmiy markazi o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Hojiboyev va boshqalar mamlakatimizda aholiga onkologik yordam ko‘rsatishning zamonaviy tizimi yaratilgani va soha bosqichma-bosqich takomillashtirilayotgani inson salomatligini asrashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-yanvar va 7-fevral kunlari bo‘lib o‘tgan majlislarda sog‘liqni saqlash sohasini yanada isloh etish, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, tizimda o‘z yechimini kutayotgan muammolarni hal qilish va tibbiyot rivojini yangi bosqichga olib chiqish bilan bog‘liq dolzarb vazifalar belgilab berildi. Xususan, aholiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, jahon tibbiyotining bu boradagi ilg‘or yutuqlarini o‘zlashtirish, kasalliklarning oldini olishga alohida e’tibor qaratildi.

Tibbiyot muassasalarida bu vazifalarni hayotga tatbiq etish maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, onkologiya xizmatini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotir.

Keyingi yillarda aholiga onkologik xizmat ko‘rsatuvchi shifo muassasalarining barchasi bosqichma-bosqich modernizatsiya etildi. Sirdaryo, Jizzax, Navoiy viloyatlaridagi onkologiya dispanserlari binosi yangidan qurildi. Farg‘ona, Navoiy va Jizzax viloyatlari onkologiya dispanserlarida radiologiya bo‘limlari ochildi. Diagnostika va davolash amaliyotiga yangi texnologiyalar kirib kelmoqda. Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni aholiga yaqinlashtirish, tibbiy-profilaktika va patronaj yordamini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlash imkoniyatini yaratmoqda.

Bu ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida 2017-2021 yillarda O‘zbekistonda onkologik kasalliklarning oldini olish va davolash ishlarini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturi ishlab chiqilmoqda. Uning doirasida Respublika onkologiya ilmiy markazi va viloyatlardagi dispanserlarning moddiy-texnik salohiyatini yanada yaxshilash, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish rejalashtirilgan. Bu boradagi vazifalarni hayotga tatbiq etishda jahondagi nufuzli ilm-fan muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyatga ega.

N.Bloxin nomidagi Rossiya onkologiya ilmiy markazi jahondagi yetakchi tibbiy-ilmiy muassasalardan biridir.

Tadbirda Rossiya onkologiya ilmiy markazi va O‘zbekiston Respublikasi onkologiya ilmiy markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Uning doirasida onkologik kasalliklar bilan kurashish bo‘yicha ilmiy, amaliy va uslubiy hamkorlikni kengaytirish, mutaxassislarning malakasini oshirish, ilm-fan yutuqlarini ommalashtirish, tibbiy xizmatni rivojlantirish bo‘yicha qator tadbirlar rejalashtirilgan.

– O‘zbekiston onkologiya xizmatining ilmiy-amaliy, moddiy-texnik salohiyati jahon andozalari talablariga to‘la javob beradi, – deydi N.Bloxin nomidagi Rossiya onkologiya ilmiy markazi direktori, akademik Mixail Davidov. – Bugungi tadbir o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim qadam bo‘ldi. Ilmiy-amaliy aloqalarni yanada kengaytirish, zamonaviy texnologiyalar yuzasidan tajriba almashish, kadrlar tayyorlash va tibbiy ta’limni takomillashtirishga doir qator loyihalarni rejalashtirganmiz. Bu ishlar tibbiyot rivoji va inson salomatligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bahor Xidirova, O‘zA
348






Все о погоде - Pogoda.uz