Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.03.2017 20:25 Chop etish versiyasi

Hamkorlikdagi ish samara beradi

Farg‘ona viloyatida ham profilaktika kuni doirasida turli tadbirlar tashkil etilib, joylarda sodir etilgan jinoyatlarning sabab va oqibatlari tahlil qilindi.

Mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni yanada mustahkamlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, jamoat tartibini saqlashda ichki ishlar xodimlarining xizmati katta. Prezidentimiz taklifi bilan haftaning payshanbasi profilaktika kuni sifatida belgilanib, shu maqsadda joylarda o‘tkazilayotgan tadbirlar tobora izchillik kasb etmoqda. Ularda nafaqat huquq-tartibot idoralari xodimlari, balki davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, umuman, keng jamoatchilik faol ishtirok etmoqda.

– Shahar va tumanlar ichki ishlar organlari, prokuratura xodimlari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari ishtirokida o‘tkazilayotgan tadbirlar o‘z samarasini bermoqda, – deydi Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik G‘ulomjon Boborahimov. – Davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat guruhlar mahallalar, oilalar, o‘quv muassasalarida aholi bilan bevosita muloqotlar o‘tkazdi. Huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan keng tushuntirishlar berildi. Ushbu jarayonda ichki ishlar organlarining har bir xodimi yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xotirjamligini ta’minlashdek murakkab, ayni paytda g‘oyat sharafli vazifani bajarish uchun bor bilim va salohiyatini ishga solishi lozimligini yanada chuqur his etmoqda.

Amalga oshirilayotgan profilaktika tadbirlarida ichki ishlar xodimlari mahallalarda bo‘lib, oilalardagi vaziyatni, aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganmoqda. Yong‘in xavfsizligi, yo‘l harakatini ta’minlash qoidalari ham tushuntirib borilyapti. Tadbirlar doirasida Uchko‘prik, Buvayda va Yozyovon tumanlarida “Tozalash”, “Qalqon” tadbirlari o‘tkazildi. Aniqlangan huquqbuzarliklar o‘z vaqtida bartaraf etildi.

Jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish ishlari samarali yo‘lga qo‘yilgan joyda noxush holatlar albatta barham topadi. O‘tkazilayotgan tadbirlarda ta’lim maskanlaridagi davomat, oilalardagi kelishmovchiliklar va boshqa masalalar chuqur tahlil etilmoqda. Amaliy muloqotlarda muammolar ijobiy hal etilayotir.

Qo‘qon shahar temir yo‘l kasb-hunar kollejida o‘tkazilgan uchrashuvda o‘quvchilar davomati huquq-tartibot idoralari xodimlari ishtirokida ota-onalarni jalb etgan holda muhokama qilindi. Shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Azimjon Yo‘ldoshev hamkorlikdagi ishlar, jumladan, huquqbuzarlik va jinoyatchilik turlari, ularning oldini olish, yoshlarni turli yot g‘oya va illatlardan asrash bo‘yicha atroflicha ma’lumot berdi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 353






Все о погоде - Pogoda.uz