Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.11.2017 16:44 Chop etish versiyasi

Hamkorlikda neft-gaz sanoati uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi

Toshkentda mamlakatimiz neft-gaz sanoati uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, “Lukoil” kompaniyasi (Rossiya), I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkentdagi filiali hamkorligida tashkil etildi.

Konferensiyada tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, diplomatik korpus va xorijiy kompaniyalar vakillari, neft-gaz, energetika, qurilish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalari mutaxassislari qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari E.Muhiddinov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari U.Begimqulov, “Lukoil” kompaniyasi vitse-prezidenti A.Moskalenko va boshqalar O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha yangilangan ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari joriy qilinganini qayd etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori xalqaro standartlar darajasiga mos mutaxassislar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqdi.

An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur konferensiya neft-gaz sektori uchun yetuk kadrlar tayyorlash borasida mahalliy va xalqaro o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Anjuman sohadagi bugungi kun talablarini o‘rganish, xalqaro kompaniyalar bilan kadrlar siyosatida asosiy yondashuvlarni aniqlash imkonini berishi bilan muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekistonda ko‘p yillardan beri faoliyat olib borayotgan “Lukoil” kompaniyasi istiqbolli konlarni qidirish, o‘zlashtirish va uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash kabi qator investitsiya loyihalarida ishtirok etmoqda.

– “Lukoil” neft-gaz sohasidagi yirik kompaniyalardan biri, – deydi kompaniya vitse-prezidenti A.Moskalenko. – Unda dunyo bo‘yicha yuz mingdan ziyod xodim ishlaydi. Jumladan, kompaniyaning O‘zbekistondagi loyihalari boshqaruvchisi – “Lukoil Uzbekistan Operating Company” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 3 mingdan ortiq xodim mehnat qiladi. Shu bois O‘zbekistonda neft-gaz sanoati uchun malakali mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish yo‘nalishida hamkorlik qilishdan manfaatdormiz. Bugungi konferensiya doirasida soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik istiqbollari keng muhokama qilindi.

Forumda “Lukoil Uzbekistan Operating Company” tomonidan O‘zbekiston hududida neft-gaz sohasida yetuk va yuqori malakali kadrlarni tayyorlashdagi hamkorligi uchun «Sho‘rtangazkimyo» majmuasi, shuningdek, qator xorijiy kompaniya va oliy ta’lim muassasalarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, mamlakatimizdagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida, I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkentdagi filialida neft-gaz yo‘nalishida kadrlar tayyorlanmoqda. Bunda mutaxassislarda yuqori texnologik boshqaruv ko‘nikmasini shakllantirish, tizimda axborotlashtirish va raqamli dasturiy ta’minotni joriy etishga qodir yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilmoqda.

Konferensiyada ushbu sektorda faol ishtirok etayotgan kompaniya va firmalar rahbarlari, yurtimiz va xorijning yetakchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining ma’ruzalari tinglandi. Milliy kadrlar tayyorlash va rivojlantirishda oliy ta’lim dargohlari hamda korporativ ta’lim markazlarining tutgan o‘rni xususida fikr almashildi.

Tadbir doirasida “Lukoil Uzbekistan Operating Company” mas’uliyati cheklangan jamiyati, I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkentdagi filiali hamda “Bashneftexim” ta’lim markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida uch tomonlama bitim imzolandi.

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA
876






Все о погоде - Pogoda.uz