Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.02.2017 19:30 Chop etish versiyasi

Hamkorlik – muvaffaqiyat omili

Hamkorlik – muvaffaqiyat omili Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan 7-8-fevral kunlari Toshkent shahrida media-tur tashkil etildi. Jurnalistlar “JICA ko‘ngillilari” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Yaponiya – O‘zbekistonning yirik savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sheriklaridan. O‘zaro hamkorlikni kengaytirishga munosib hissa qo‘shayotgan davlat va jamoat tashkilotlari orasida JICA alohida o‘rin tutadi. Ushbu tashkilotning Toshkentdagi vakolatxonasi mamlakatimiz vazirlik va idoralari bilan ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar yo‘nalishlarda, qishloq va suv xo‘jaligi, fan-ta’lim, sog‘liqni saqlash, sayyohlik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik kabi sohalarda yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.

– O‘zbekiston bilan hamkorligimiz ko‘plab sohalarda izchil rivojlanib bormoqda, – deydi Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Fushimi Katsutoshi. – Xususan, Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi o‘zaro hamkorlikda modernizatsiya qilinmoqda. Toshkentda faoliyat ko‘rsatayotgan O‘zbekiston – Yaponiya inson resurslarini rivojlantirish markazida xorijiy tillar, komputer va biznes yuritish sirlarini o‘rganish uchun zarur shart-sharoit yaratilgan.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ko‘plab chet ellik professor-o‘qituvchilar orasida yaponiyaliklar ham bor. Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi Yapon huquqini tadqiq qilish markazi o‘qituvchisi Itou Masayaning fikricha, o‘zbekistonlik talabalarning bilim va izlanishga ishtiyoqi havas qilsa arzigulik. O‘n bir yil davomida mazkur markazda 52 talaba yapon tili va huquqini o‘rganib, shulardan yigirma nafari Yaponiyadagi Nagoya universitetining magistratura bosqichida tahsil oldi.

Ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlik natijasida ko‘plab xayrli ishlar qilindi. Aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish, issiqlik ta’minoti, ta’limdagi yangi texnologiya va loyihalarning amaliyotga tatbiq etilishi shular jumlasidandir.

– «O‘zbekenergo» AJ va «Tohoku Electric Power Co., Inc» kompaniyasining hamkorlikdagi model loyihasini amalga oshirish doirasida Yaponiyaning Yangi energetika va sanoat texnologiyalarini rivojlantirish tashkiloti (NEDO) ko‘magida korxonamizga kogeneratsion gaz turbinasi o‘rnatildi, – deydi Toshkent issiqlik elektr markazi boshlig‘i o‘rinbosari Rustam Shamsiyev. – Gaz turbinasi blokining ishga tushirilishi bilan energiya ishlab chiqarish hajmi 228 million kVt-soatga ko‘paydi. Bu Toshkent issiqlik elektr markazida bir yilda 400 million kVt-soat elektr energiyasini ishlab chiqarishga yordam beradi. Bir yilda 39 million kub metr tabiiy gaz tejaladi.

Jurnalistlar media-tur doirasida Toshkent issiqlik elektr markazi, 2-tug‘ruqxona majmuasi, Toshkent davlat sharqshunoslik institutining yapon filologiyasi fakulteti, Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi Yapon huquqini tadqiq qilish markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatri hamda O‘zbekiston Aykido federatsiyasida ko‘ngillilar faoliyati bilan tanishdi.

Sevara Alijonova, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
2 035






Все о погоде - Pogoda.uz