O‘zA O`zbek

14.05.2018 17:29 Chop etish versiyasi

Hamkorlik memorandumi imzolandi

Hamkorlik memorandumi imzolandi “O‘zbekiston va Xitoy: “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini hamkorlikda amalga oshirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Xitoy Xalq Respublikasi delegatsiyasi “Taraqqiyot strategiyasi” markazida bo‘ldi.

Markaz ijrochi direktori A.Burhonov mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy sohalarda olib borilayotgan islohotlarda inson manfaatlarini himoya qilish, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, taraqqiyotimizni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishgaalohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida zamon talablaridan kelib chiqqan holda, mamlakatimiz taraqqiyotini yanada jadallashtirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlari belgilangan.

Mazkur vazifalarni amalga oshirishda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan ham qator ishlar olib borilmoqda. Bu borada rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuvda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi faoliyati, uning ish yuritish tartibi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi partiya qo‘mitasi kotibi Yuy Sinxue yangicha va zamonaviy ruhda tashkil etilgan markaz faoliyatini yuqori baholadi. Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi va markaz o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, xususan, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirishda hamkorlik qilish yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
2 590