Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.02.2017 14:18 Chop etish versiyasi

Hamkorlik – illatga qarshi kurashning samarali omili

Buxoroda “Odam savdosiga qarshi kurashish hamda ayollar o‘rtasida noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish – sog‘lom va adolatli jamiyat taraqqiyoti kafolati” mavzuida konferensiya bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi, viloyat hokimligi, prokuratura, viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.To‘yyeva, partiya viloyat kengashi raisi A.Tursunov va boshqalar mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni va Birinchi Prezidentimizning 2008-yil 8-iyuldagi “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Konferensiyada odamlarni aldov va firibgarlik yo‘li bilan noqonuniy mehnat migratsiyasiga jalb etish, ulardan turli maqsadlarda foydalanish, haq-huquqlari va qadr-qimmatini poymol etish jinoyatiga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi. Odam savdosiga qarshi kurashish faqat davlat idoralarining emas, balki barcha jamoat tashkilotlari, jumladan, siyosiy partiyalarning ham muhim vazifasi ekanligi ta’kidlandi.

– Partiyaning “O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt” loyihasi doirasida aholi, ayniqsa, xotin-qizlar o‘rtasida odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalari, tegishli davlat organlari bilan hamkorlikda targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda, – deydi partiya viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Z.Mirzahamdamova. – Bunday tadbirlarni olib borishda oliy ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarning mutasaddi xodimlaridan iborat targ‘ibotchilar guruhi tashkil etilgani muhim ahamiyat kasb etayotir.

Partiya viloyat kengashining “Ayollar qanoti” huzuridagi psixologik markaz aholi, jumladan, odam savdosidan jabr ko‘rgan fuqarolar, xotin-qizlarga ruhiy ko‘maklashish orqali o‘z mehnat qobiliyatini tiklashi, shu orqali hayotda munosib o‘rnini topishiga yordam berayotgani qayd etildi.

Konferensiyada odam savdosiga qarshi kurashish, jinoyatga sabab bo‘luvchi omillarni aniqlash va bartaraf etish, boshqa tegishli masalalarda davlat hamda jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmini takomillashtirish orqali faoliyat samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
1 342






Все о погоде - Pogoda.uz