Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.02.2017 15:20 Chop etish versiyasi

Hamjihatlik – yutuqlarimizning muhim omili

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonini xalqimiz xayrixohlik bilan kutib oldi. Xalqimiz hayotini obod etish yo‘lida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar ijrosiga kamarbasta bo‘lish tuyg‘usi har bir yurtdoshimiz qalbida, o‘y-fikrida...

Viktor Pak, O‘zbekiston koreys madaniyat markazlari uyushmasi raisi:

– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilgan. Darhaqiqat, bugungi tezkor zamon yangi maqsadlarni qo‘yish va uni amalga oshirishni taqozo etmoqda.

O‘zbekiston mustaqillik yillarida o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini tanlab, bu yo‘lda jahon ahli tan olgan yutuqlarga erishdi. Ana shulardan eng muhimi – bu xalqimizning tinchlik-osoyishtalikda, hamjihatlikda hayot kechirishi bilan birga milliy davlatchilik asoslari mustahkamlanganidir.

Taraqqiyotimizning yangi strategiyasida millatlararo totuvlik masalasiga alohida urg‘u berilgani 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashayotgan yurtimiz kelgusida yanada taraqqiy etishini ta’minlaydi. Zero, ular umumiy uyimiz – O‘zbekistonimiz ravnaqi yo‘lida birlashib, barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilmoqda.

Mamlakatimizda boshqa millat vakillari kabi koreys millatiga mansub aholining bilim olishi, o‘z ona tilini o‘rganishi, urf-odat va an’analarini rivojlantirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Davlat va jamoat ishlarida faol ishtirok etayotgan, yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘layotganlar orasida turli millat vakillari borligidan faxrlanamiz. Bu O‘zbekistonimizda barcha millat vakillari uchun teng imkoniyatlar yaratilgani samarasidir. Shuning uchun Vatanimiz O‘zbekistonni jon-dilimizdan sevib ardoqlaymiz, uning tinchligi, taraqqiyotiga hissa qo‘shishni o‘zimizning farzandlik burchimiz, deb bilamiz.

Muhammadbobur Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i:


– Mustaqil davlat sifatida jahon maydonida o‘z o‘rni va obro‘siga ega bo‘lgan yurtimizda ajdodlardan meros bo‘lib qolgan millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik, mehr-oqibat kabi go‘zal qadriyatlar yangi ma’no-mazmun bilan boyib bormoqda. Bu – O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlikda, turli millat va din vakillarining o‘zaro ahilligida yaqqol namoyon bo‘layotir.

Bunga mustaqillikning ilk yillaridan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan xalqimizga xos azaliy urf-odat va an’analarni ko‘z qorachig‘idek saqlash, e’tiqod erkinligini ta’minlash, buyuk ajdodlarimiz xotirasini ulug‘lash, ularning muborak ziyoratgoh va qadamjolarini obod qilish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani mustahkam zamin yaratdi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida diniy bag‘rikenglikni ta’minlashga alohida urg‘u berilgani shu yo‘nalishdagi ishlarni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarishi shubhasiz.

Aytish joizki, xalqimiz islom dini va islom sivilizatsiyasini jahon sivilizatsiyasi, kishilik taraqqiyoti va madaniyatining uzviy qismi, insonni ruhiy-ma’naviy poklash, uning ongu shuurida shukronalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik kabi boqiy qadriyatlarni mustahkamlashning asosiy omili sifatida yuksak qadrlaydi. Shu bois yosh avlodni ana shu ruhda tarbiyalash, ularni milliy va umumbashariy qadriyatlardan bahramand etish, zamonaviy ilm-fan cho‘qqilarini egallashi yo‘lida barcha sharoit yaratilgan.

Prezidentimizning 2017-yil 14-fevral kuni imzolagan "Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bu boradagi yana bir muhim qadam bo‘ldi. Shu asosda islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk vatandoshimiz Abu Iso Termiziy va termiziy allomalarning benazir merosini yanada chuqur o‘rganishga keng imkoniyatlar yaratiladi. Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilishi ana shu yo‘nalishdagi ishlarning tizimli amalga oshirilishida muhim o‘rin tutadi. Bu aholi, ayniqsa, yoshlarda insoniylik, yuksak vatanparvarlik tuyg‘ularini kamol toptirishga, ularni azaliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalashga bundanda keng yo‘l ochadi.

Anvar Cho‘lliyev, Toshkent shahar Yashnobod tumani "Parvoz" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi:

– Mamlakatimizda mahalla fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish instituti sifatida shakllandi. Davlatchiligimiz tarixida birinchi marta “mahalla” tushunchasi Konstitutsiyamizga kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va maqomi aniq belgilab qo‘yildi. Bu tuzilma bugun o‘zini o‘zi boshqarish idorasi, haqiqiy demokratiya darsxonasi sifatida keng ko‘lamli faoliyat olib borayotir.

O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan, xalqimiz manfaatlarini ta’minlaydigan muhim yo‘nalishlar belgilandi. Bu aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish kabilarni o‘z ichiga oladi.

Bu kabi vazifalarni amalga oshirishda mahalla muhim o‘rin tutadi. Zero, bu institutning ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi o‘rni va ta’siri bugungi kunda yanada kengaymoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 3-fevraldagi "Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni asosida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirishga oid chora-tadbirlar sohadagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishi shubhasiz.

Ayni paytda mamlakatimizda o‘n mingga yaqin fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu tuzilma aholi turli qatlamlari manfaatlarini ifoda etish barobarida, ularning faolligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etayotir.

O‘n mingga yaqin aholi, o‘ndan ortiq millat vakillari istiqomat qilayotgan mahallamizda ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani bevosita aholi bilan ish yuritadigan mahallalar zimmmasidagi mas’uliyatni yanada oshirdi. Shundan kelib chiqib mahalla faollari har bir xonadonga kirib borish, mavjud muammolarni hal etishga e’tiborni kuchaytirgan. Deputatlar, banklar bilan bevosita hamkorligimiz kuchayayotgani ijobiy natijalar bermoqda. Bu tadbirkorlik subyekti ochish, vaqtincha ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlash, xalq farovonligini yuksaltirishga zamin yaratmoqda.

Norgul Abduraimova, O‘zA
295






Все о погоде - Pogoda.uz