O‘zA O`zbek

26.08.2018 12:26 Chop etish versiyasi

Hamjihatlik yutuqlar kafolati

Prezidentimiz raisligida joriy yilning 27 iyul kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlarning bugungi holati, bu borada ichki ishlar organlari va boshqa davlat idoralarining masʻuliyatini yanada oshirish, tizimdagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga alohida eʻtibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ichki ishlar tizimi tubdan isloh qilindi. Jumladan, ilgari barcha xodimlarning 60 foizi shahar va tuman boshqarmalarida, 40 foizi joylarda faoliyat yuritgan boʻlsa, endi 35 foiz xodimlar idoralarda qoldirilib, 65 foizi aholiga yaqin boʻlishi uchun mahalla fuqarolar yigʻinlari huzurida ishlay boshladi. Tizimni takomillashtirishga oid 80 dan ortiq meʻyoriy hujjat qabul qilindi.

Yigʻilishda davlat organlari oʻrtasida jinoyatchiliklarni taqqoslash amaliyoti avj olgani tanqid qilindi. Haqiqatdan ham noxush holatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida davlat va jamoat tashkilotlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan.

Joriy yilning oʻtgan davrida viloyatda sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni har 100 ming aholi soniga taqsimlaganda 103,3 tadan toʻgʻri kelib, bu koʻrsatkich respublika boʻyicha Toshkent shahridan keyin ikkinchi oʻrinda turibdi.

Prezidentimiz taʻkidlaganidek, hamma birdek yeng shimarib, muammolardan toʻliq xabardor boʻlib, ularni hal etishga koʻmaklashgan, jinoyatchilikning barvaqt oldini olgan va uning tub mohiyatini tushuntirganida edi, bugungi ahvol va raqamlar umuman boshqacha boʻlardi. Afsuski, jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida hanuzgacha eskicha ishlash tizimidan voz kecha olmayapmiz.

Endilikda jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” deb nomlangan yangi tizim tashkil etilishi belgilandi. Masʻul rahbarlar joylarga borib, jinoyatlarning sabablarini oʻrganadi, muhokama qiladi, takrorlanishining oldini olishga qaratilgan aniq choralar koʻradi. Ommaviy axborot vositalarida barcha ishlar batafsil yoritib boriladi.

Bugungi kunda joylarda eng achinarli fojia – oʻz joniga qasd qilish holatlari uchramoqda. Bunday muammolarning oldini olishda taʻsirchan mexanizmlar samarasi ham deyarli sezilmayotgani barcha mutasaddilardan masʻuliyat, vijdonan ishlash, insonlar taqdirini oʻz taqdiri, deya qabul qilib yashashini taqozo etmoqda. Bunda ayniqsa, diniy idora vakillari oʻz joniga qasd qilishga nisbatan muqaddas dinimizning munosabatini fuqarolar ongiga tez yetib boradigan usullarda keng ommaga tushuntirishi muhim ahamiyatga ega.

Keyingi paytlarda sodir etilayotgan jinoyatlar asosan oʻgʻrilik, firibgarlik, talonchilik va bosqinchiliklardan iborat ekani ayni haqiqat. Bu holat profilaktika, jinoyat-qidiruv va qoʻriqlash xizmatlari faoliyatini jiddiy koʻrib chiqishimizni talab etadi.

Maktab yoki kasb hunar kollejlarini bitirgan yoshlarimizning koʻpchiligi eʻtiborimizdan chetda qolmoqda. “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturining qabul qilingani yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Lekin mazkur dastur ijrosini taʻminlashda koʻzboʻyamachilik, qogʻozbozlik bilan xoʻjakoʻrsinga ish olib borsak, xalqimizga, yoshlarimizga, eng achinarlisi oʻz kelajagimizga xiyonat qilgan boʻlamiz.

Bir soʻz bilan aytganda huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashda barcha birdek harakat qilishi, huquq tartibot organlari, davlat va jamoat tashkilotlari hamjihatlikda ish olib borishi muhim omil hisoblanadi.

Oqil Hasanov,
Navoiy viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari.

1 476