Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.03.2017 18:13 Chop etish versiyasi

Mamlakatimizda 11-12-mart kunlari o‘tkazilgan umumxalq xayriya hasharida 22 milliondan ortiq kishi ishtirok etdi

Mamlakatimizda 11-12-mart kunlari o‘tkazilgan umumxalq xayriya hasharida 22 milliondan ortiq kishi ishtirok etdi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 28-fevraldagi «2017-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori asosida qadimiy va ardoqli bayramimiz Navro‘zi olamni munosib kutib olishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida mart-aprel oylari mamlakatimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi deb e’lon qilindi. Uning doirasida 11-12-mart kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkazildi.

Bundan maqsad Navro‘z bayramini nishonlashga alohida tayyorgarlik ko‘rish, milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish, mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, mamlakatimizning sanitariya holatini yanada yaxshilash, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturida ko‘zda tutilgan vazifalarni izchillik bilan hayotga tatbiq etishdir.

O‘zbekiston Respublikasi «Mahalla» xayriya jamoat fondidan ma’lum qilishlaricha, umumxalq xayriya hashari mamlakatimizning barcha hududlari, qishloqlar, mahallalar, tashkilot va muassasalarda ko‘tarinki ruhda o‘tgan.

Hashar kunlari qirq sakkiz ming gektardan ziyod maydonda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan. O‘ttiz ikki ming kilometr ariq-zovurlar, lotoklar tozalanib, ziyoratgoh va qabristonlar tartibga keltirilgan. Bundan tashqari, hashar kunlarida qariyb yigirma ikki million tup daraxtga shakl berilib, oqlangan. Yigirma to‘rt million tup mevali, manzarali daraxt ko‘chati, o‘n yetti million tup gul ekilgan.

– Umumxalq xayriya hashari tumanimizda ham milliy an’analarimizga mos tarzda hamjihatlik, hamkorlik ruhida o‘tdi, – deydi "Mahalla" xayriya jamoat fondi Bektemir tumani bo‘linmasi raisi o‘rinbosari Sobir Imomov. – Ikki kun mobaynida hashar doirasida ko‘p qavatli uylar atrofi, mahallalar, bolalar o‘yin maydonchalari, ko‘chalar, yo‘llar, ariq-zovurlar tozalandi. Qabristonlar, ziyoratgohlar, saylgohlar obodonlashtirildi. Bu ishlarda mahalla aholisiga talabalar, o‘quvchi-yoshlar yaqindan ko‘mak berdi. Mirishkor mahallasi hududidagi bog‘ni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishda barcha bahamjihat bo‘lib mehnat qildi. Iqbol mahallasida namunaviy loyiha asosida qurilayotgan ko‘p qavatli uy qurilishida hasharchilar usta-hunarmandlarga ko‘mak berdi. Bu tadbir xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning milliy an’analarimizga sadoqatini, obodlik, ozodalikni yuksak qadrlashini yana bir karra namoyon etdi.

– Mahallamiz gulchilik sohasida oilaviy tadbirkorlik rivojlangan hududlardan biridir, – deydi Namangan tumani "Dehqonobod" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muzaffar Xudoyberdiyev. – Bugungi kunda yigirmadan ko‘proq xonadonda issiqxona tashkil etilib, turfa gul ko‘chatlari yetishtirilmoqda. Ushbu faoliyat oilalarga to‘kinlik, farovonlik, yurtimizga go‘zallik baxsh etmoqda. Umumxalq hashari mobaynida obodonlashtirish ishlari bilan bir qatorda ushbu oilaviy tadbirkorlarimiz yetishtirgan gul ko‘chatlarini ko‘chalar, suv bo‘ylari, hovlilarga ekdik. Oilaviy tadbirkorlikning bunday yo‘nalishlarini rivojlantirish, xalqimizning yaratuvchilik ishlarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar orasida ham ommalashtirish doimiy e’tiborimizda. Shu maqsadda turli tanlovlar va tadbirlar tashkil etish, Navro‘z bayramini munosib nishonlashga qizg‘in taraddud ko‘ryapmiz.

To‘yga to‘yona hozirlash xalqimizning ezgu odatidir. Bu yil ham Navro‘z bayrami munosabati bilan mahallalar hududida ko‘plab ijtimoiy-madaniy, savdo inshootlari foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Mo‘ynoq tumanidagi "Bo‘zatov" va "Madali" ovul fuqarolar yig‘inlari hududida qurilayotgan tikuv sexi, Qo‘rg‘ontepa tumani Xo‘jatepa mahallasi binosi, Vobkent tumani markaziy shifoxonasining tug‘ruq kompleksi, Charmgaron mahallasida maishiy xizmat ko‘rsatish va savdo shoxobchasi, Uchquduq tumanida Yoshlar markazi, Jomboy tumani Zarafshon mahallasida guzar, Urganch tumani Bo‘ston mahallasida otalar choyxonasi, Yangibozor tumani "Yangiyop" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilayotgan xususiy korxona bunga misoldir.

Hashar kunlari o‘z ish joyida mehnat faoliyatini davom ettirgan har bir korxona, muassasa, tashkilotlar xodimlari ham umumxalq xayriya hashariga o‘z ulushini qo‘shdi.

Bahor Xidirova, O‘zA
2 433






Все о погоде - Pogoda.uz