O‘zA O`zbek

30.08.2018 12:36 Chop etish versiyasi

Ham sayil, ham huquqiy targʻibot

Ham sayil, ham huquqiy targʻibot

Mingbuloq tumanida Namangan viloyati adliya boshqarmasi tashabbusi bilan “Huquqiy axborot kuni” nomli ommaviy “Adliya sayli” oʻtkazildi.

Tadbirda viloyat huquq-tartibot idoralari va yuridik xizmat xodimlari, harbiy qismlar, banklar, tadbirkorlik subyektlari, fermer xoʻjaliklari vakillari, yoshlar ishtirok etdi.

“Adliya sayli“ mazmun-mohiyati va maqsadiga koʻra uch qismdan iborat boʻldi. Birinchi qismda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda mardlik va jasurlik xislatlarini shakllantirish maqsadida harbiy texnika va qurollar namoyishi hamda koʻrgazmali chiqishlar tashkil etildi. Unda Milliy gvardiya harbiy qismlari askarlari, “Vatanparvar” tashkiloti kursantlari va boshqa tegishli idoralar vakillari ishtirok etdi. Sportchilarning koʻrgazmali chiqishlari, boks, karate, kurash, shaxmat-shashka musobaqalari esa katta sport bayramiga aylanib ketdi.

Sayilning ikkinchi qismida fuqarolarga tegishli yoʻnalishlar boʻyicha axborot-konsultativ va davlat xizmatlari koʻrsatildi. Bunda Davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi va Mingbuloq tumani davlat xizmatlari markazi, huquqni muhofaza qilish organlari, tijorat banklari, bandlik markazlari, tibbiyot muassasalari mutaxassislari oʻz yoʻnalishi boʻyicha murojaatchilarga xizmat koʻrsatdi.

– Shu yerning oʻzida markaz tomonidan 20 dan ortiq xizmat rasmiylashtirildi, – deydi Mingbuloq tumani davlat xizmatlari koʻrsatish markazi vakili K.Turdialiyev. – Oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga egalik huquqini eʼtirof etish boʻyicha beshta ariza qabul qilinib, belgilangan tartibda “Ye-IJRO” elektron hamkorlik tizimi orqali tegishli idoraga yuborildi. Shuningdek, 6 nafar fuqaroga elektron raqamli imzo kaliti olinishi, yana shuncha fuqaroga farzandi uchun maktabgacha taʼlim muassasasiga yoʻllanma rasmiylashtirib berilishi, 3 nafar fuqaroning jamgʻarib boriladigan pensiya taʼminoti tizimiga hisobga qoʻyilishi taʼminlandi.

Tadbir doirasida viloyat bandlik bosh boshqarmasi tomonidan mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda doimiy ish oʻrniga ega boʻlmagan 600 ga yaqin fuqaroning bandligini taʼminlash choralari koʻrildi. Shu kuni viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari mutaxassislari 1 ming 500 dan ziyod fuqaroga bepul tibbiy xizmat koʻrsatdi.

Tadbirkorlik subyektlari va fermer xoʻjaliklari ishlab chiqargan mahsulotlar va boshqa turdagi isteʼmol tovarlari yarmarkasi ham tashkil etildi.

Sanʼatkorlarning Vatan, tinchlik va doʻstlikni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlari, shoir-yozuvchilar ishtirokidagi davra suhbatlari barchada katta taassurot qoldirdi.

A. Sattorov, OʻzA
2 223