O‘zA O`zbek

06.09.2018 10:35 Chop etish versiyasi

Ham amaliy, ham huquqiy koʻmak...

Ham amaliy, ham huquqiy koʻmak...

Bugungi kunda soliq idoralari xodimlari avvalgi kabi tadbirkorni nooʻrin tekshirgan holda, uning yumushini mushkullashtirib, faoliyatini cheklab qoʻymay, balki ularning koriga yarab, amaliy yordam koʻrsatib kelmoqda.

Jumladan, Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan faoliyatini boshlab, ammo tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtmagan shaxslarga ham amaliy, ham huquqiy koʻmak berilmoqda.

Xususan, oʻtkazilgan profilaktik tadbirlar jarayonida faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan tadbirkorlik subyektlari ishini qayta tiklash va yangi tadbirkorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish hisobiga joriy yilning 7 oyi davomida yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 3791 nafarga koʻpaydi. Ularda yollanma ishchi sifatida ishlayotgan 2091 nafar fuqaroning faoliyati qonuniylashtirildi. Natijada byudjetga 11,1 mlrd. soʻm qoʻshimcha manbalar jalb etilishi taʼminlandi.

Bu koʻrsatkich soʻnggi ikki oyda yanada yuqoriladi. Xususan, iyun-iyul oylarida Toshkent shahrida oʻtkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida 1819 nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Shuningdek, 1191 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati qayta tiklandi. Ularda yollanma ishchi sifatida ishlayotgan 1017 nafar fuqaroning faoliyati qonuniylashtirildi. Natijada byudjetga 4,3 mlrd. soʻm qoʻshimcha manbalar jalb etilishi taʼminlandi.

Jumladan, poytaxtimizning Uchtepa tumanida oʻtkazilgan profilaktik tadbirlar jarayonida fuqaro Gʻayratjon Hojiakbarov hududda joylashgan “Nazarbek temir savdo” bozorida qurilish mollari savdosini yoʻlga qoʻygani-yu, hujjatlarni esa rasmiylashtirishga fursat topmagani aniqlandi.

Xuddi shuningdek, fuqaro Feruza Xolmuratova ham Bektemir tumani Toshkent halqa avtomobil yoʻli koʻchasi 6-uyda joylashgan “Koʻklamgi vodiy” MCHJga qarashli savdo doʻkonida hech qanday hujjatlarsiz tadbirkorlik faoliyatini boshlagan.

Tadbirlar natijasida ushbu fuqarolarga rasmiy ogohlantirish berildi hamda tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtishi uchun amaliy yordam koʻrsatildi. Hozirgi vaqtda davlat roʻyxatidan oʻtib, tadbirkorlik faoliyatini davom ettirmoqda.

Maʼlumki, Prezidentimizning 2017-yil 17-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq 2017-yilning 1-dekabridan hunarmand uyushmasining aʼzolari hunarmandchilik faoliyati mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishda qatʼiy belgilangan soliqdan ozod etilishi qayd etilgan.

Ammo hunarmandlar uchun aniq koʻrsatib qoʻyilgan bunday imtiyozlarni boshqa faoliyat turi boʻyicha oʻz manfaati yoʻlida bilib-bilmay foydalanayotgan va sogʻlom raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan tadbirkorlar ham uchramoqda.

Yakkasaroy tumanida yashirin ravishda savdo va xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi shaxslarni aniqlash ular faoliyatini qonuniylashtirish yuzasidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida tadbirkorlikning mahalliy hunarmandchilik yoʻnalishida ishlayotgan Dilnoza Shamsuddinovaning faoliyati oʻrganildi.

Qogʻozda boshqa-yu amalda esa oʻzgacha holat. Yaʼni nazorat tadbiri davomida D.Shasuddinovaning doʻkonida hunarmandchilik mahsulotlaridan koʻra, zamonaviy liboslar koʻpligi ayon boʻldi. Nazorat tartibidagi suhbatdan keyin tadbirkor tushunmovchilik tufayli xatolikka yoʻl qoʻyganini tan olib, oʻz izni bilan hunarmandchilikni yakka tartibdagi faoliyat turiga oʻzgartirdi.

Xulosa qilib aytganda, Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan profilaktik tadbirlar davomida tadbirkorlarning qonuniy faoliyat yuritishlariga koʻmaklashib, mamlakatimizda tadbirkorlikka oid mavjud tartib-qoidalardan ularni boxabar etgan holda soliq idoralari soliq toʻlovchilarning haqiqiy biznes-hamkori va maslahatchisi sifatida oʻz faoliyatlarini yangi bosqichda amalga oshirmoqda.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi 
Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi

OʻzA
1 503