O‘zA O`zbek

22.08.2019 Chop etish versiyasi

“Halyk bank” Oʻzbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshiradi

“Halyk bank” Oʻzbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshiradi

Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida 22-avgust kuni “Halyk Bank” direktorlar kengashi raisi Aleksandr Pavlov boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda “Halyk Bank” faoliyati, Oʻzbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan rejalar haqida maʼlumot berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil mart oyida Qozogʻistonga tashrifi doirasida mamlakatimizda “Halyk Bank” boʻlimini ochish boʻyicha kelishuvga erishilgan edi. Mazkur bitim asosida 2019-yilda Toshkentda ushbu moliya tuzilmasining “Tenge Bank” aksiyadorlik tijorat banki ish boshladi.

“Halyk Bank” Qozogʻiston bozorida 95 yildan buyon muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatib kelayotgan yirik, asosiy koʻrsatkichlar boʻyicha yetakchi tijorat banki hisoblanadi. Korxona oʻz mijozlari bilan bank, sugʻurta, lizing, brokerlik xizmatlari va aktivlarni boshqarish, inkassatsiya kabi koʻplab yoʻnalishlarda hamkorlik qiladi. Rossiya, Gruziya, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistonda filiallariga ega. Moodyʼs, Fitch Ratings, Standard & Poorʼs singari nufuzli xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarda qayd etiladi.

Mamlakatimizda “Tenge Bank” faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida birinchi bosqichda 15 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritildi va yuridik shaxslarga hisob-kassa muomalalari, “SWIFT” tizimi orqali xalqaro toʻlovlarni amalga oshirish, soʻm va xorijiy valyutada kreditlar ajratish kabi xizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Jismoniy shaxslar bilan hamkorlik oʻrnatish bank oldidagi istiqbolli rejalardan biri.

“Tenge Bank” ATB boshqaruvi raisi Aslan Talpakovning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda ushbu bank faoliyatiga qiziqish yuqori. Shu bois jismoniy shaxslar uchun qulayliklar yaratish chora-tadbirlari ham koʻrilmoqda. Bank “Uzcard” toʻlov tizimiga ulangan, mahalliy “Humo”, shuningdek, “Visa”, “Union Pay”, “Master Sard” kabi xalqaro toʻlov tizimlariga ulanish boʻyicha faol ish olib borilmoqda.

“Halyk Bank” delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi doirasida bank jamiyati direktorlari Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlisda bank rahbariyati, Rossiya, Gruziya, Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻiston davlatlaridagi filiallar va shoʻba korxonalar mutasaddilari ishtirok etdi. Tadbir davomida ikki va koʻp tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi, hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. Oʻzbekiston biznes subyektlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish istiqbollari muhokama qilindi.

Shu kuni “Halyk Bank” delegatsiyasi mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida ikki tomonlama hamkorlik yuzasidan tashkil etilgan uchrashuv va muzokaralarda ham ishtirok etdi.

970
Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA