O‘zA O`zbek

22.02.2019 16:13 Chop etish versiyasi

Halollikdan yuz oʻgirganlar tubanlik botqogʻiga botadi

Halollikdan yuz oʻgirganlar tubanlik botqogʻiga botadi

Halollik haqida koʻp gapiramiz, uni ulugʻlaymiz. Zero, halollik boʻlmagan joyda baraka boʻlmaydi, undan yuz oʻgirganlar tubanlik botqogʻiga botadi. Bu asrlar sinovidan oʻtgan haqiqat.

Ammo amalda halollik koʻchasini aylanib oʻtishga urinayotganlar koʻpayib borayotgani kishini ajablantiradi. Buning oqibati aslida barchamizni tashvishga solishi kerak. Boʻlmasa, biz birovning haqidan hazar qilgan, qoʻlidagi bir burda nonini ham birovga ilingan, peshona teri bilan asrlardan ustun muazzam imoratlar qurgan ajdodlarimizga munosib boʻla olmaymiz.

Shu oʻrinda hovli devori osha koʻchaga shoxi egilgan olma daraxtidan yerga tushgan mevani qoʻliga olib bexos tishlagan, lekin buni daraxt egasining roziligisiz qilgani uchun iztirobga tushgan moʻysafid haqidagi hikoya yodimga tushdi. Juda ibratli hikoya.

Lekin oramizda yemakxonaga kirib, koʻngli tusagan narsani buyurtma qilib qornini toʻygʻazgan, haqini toʻlashga kelganda esa gʻirromlik yoʻliga oʻtganlar borligi qanchalar ayanchli holat. Yana buni erkak kishi amalga oshirganini koʻrib, taajjubdan yoqa ushlaysan.

Taassufki, bu ertak emas, qadim Buxoroda yaqinda sodir boʻlgan voqealardan biri. Kechki payt ikki oʻrtoq shahardagi qahvaxonalardan biriga kirib, oʻzlariga maʼqul taomlar, hatto spirtli ichimliklardan ham bahramand boʻlishadi. Maishatbozlik yarim tungacha davom etadi.

Nihoyat, mijozlar hisob-kitob qilib muassasani tark etishi kerak boʻlgan onlar keladi. Shokir va Dilshod esa oʻzlarini mastlikka solib, yegan taomlari uchun pul toʻlashni goʻyoki tushunishmaydi. Ular gʻirromlik yoʻliga oʻtib, janjal koʻtarishga harakat qiladi.

Qahvaxona maʼmuriyati bu holat boʻyicha ichki ishlar organiga murojaat qilishga majbur boʻladi. Voqea joyiga yetib kelgan ichki ishlar xodimi ikki mijozning mast holda baqir-chaqir qilayotganiga guvoh boʻladi. U holatga aniqlik kiritish maqsadida ularni hamda qahvaxona xodimlarini yaqin oradagi tayanch punktiga olib boradi.

Biroq mijozlardan biri Shokir organ xodimiga qilmishi boʻyicha izoh berishdan bosh tortib, barchani haqoratlashga oʻtadi. Davlat xizmatchisining qonuniy talabiga qarshilik qilib, xonadan chiqib ketadi. Uning ortidan ergashgan sherigi Dilshod esa avtomashinasiga qarab yuguradi. Shunda IIB xodimi unga yetib oladi. Unga yordamga kelgan Shokir esa xodimni qoʻli bilan itarib yuboradi. Hatto xodimning xizmat pogonini yulib olishga harakat qiladi. Uning noqonuniy harakatlarini toʻxtatish maqsadida xodim Shokirning bir qoʻliga darhol kishan taqadi. Ikkinchi qoʻliga kishanni taqishga urinayotganida u avtomashinaga oʻtirib oladi. Ular qochib ketmasligi uchun ichki ishlar xodimi avtomashinaning orqa oʻrindigʻiga oʻtirib oladi.

Avtomobilni yurgizayotgan Dilshodga organ xodimi toʻxtashni talab qilganiga qaramay, haydovchi tezlikni oshiradi. Shahardan chetga chiqquncha xodimni haqoratlab ketgan shovvozlar keyin uning xizmat kiyimlarini tintib, choʻntagida boʻlgan avtomashina va uy kalitlari hamda xizmat guvohnomasini olib qoʻyadi. Ichki ishlar xodimi ushbu holat yuzasidan IIB navbatchilik qismiga xabar bermoqchi boʻlganida, Shokir uning qoʻl telefonini tortib oladi. Bosqinchilar qoʻlidan bir amallab qutilgan xodim yarim tunda qiyinchilik bilan xizmat xonasiga qaytadi.

– Sud jarayonida sodir boʻlgan voqeaga qonuniy baho berildi, –deydi Jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro shahar sudining sudyasi Akbar Jabborov. – Shokirga 3 yil, uning sherigi Dilshodga 1,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Chunki ular koʻrsatilgan xizmat uchun haq toʻlamay huquqbuzarlik qilish bilan birga, qahvaxona xodimlarini haqoratlash, xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar organi xodimiga boʻysunmay, uni tahqirlashdek jinoyatga ham qoʻl urgan.

Togʻni ursa talqon qiladigan navqiron yigitlarning arzimagan pulni deb halollikdan yuz burgani ularni nafaqat tubanlik botqogʻiga botirdi, balki hayotlariga ham qora soya soldi. Pastkashlik qilishdan tap tortmaslik, oriyatsizlik esa ularning yillarini panja ortiga oldi.

Norgul Abduraimova, OʻzA
545