O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Halol va hamjihat boʻlsak, birimizga ming beradi

Halol va hamjihat boʻlsak, birimizga ming beradi

Bugun dunyoda COVID-19 koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi qatʼiy kurash olib borilmoqda. Yurtimizda ham bu borada aniq chora-tadbirlar belgilab olingan.

Kuni kecha muhtaram yurtboshimiz tomonidan “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonning imzolanishi biz tadbirkorlarga yana bir bor ishonch va gʻurur hissini uygʻotdi desak xato boʻlmaydi.

Yurtboshimiz tomonidan biz tadbirkorlarni oʻylantirayotgan masalalar yuzasidan oʻz vaqtida toʻgʻri va tezkor qarorlarni qabul qilinishi kelgusidagi faoliyatimizda ham oʻzining ijobiy natijalarini berishiga ishonaman.

Farmonda iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyat yuritishini taʼminlash:

Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolati ostida jalb etilgan kreditlarni soʻndirish, shuningdek, birinchi darajali xarajatlarni amalga oshirish uchun foizsiz byudjet ssudalari ajratish yoʻli bilan strategik korxonalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish;

tashqi savdo faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari transport xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish;

koronavirus infeksiyasi tarqalishining salbiy taʼsiriga eng koʻp uchraydigan iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini, shuningdek, kredit portfeli sifati yomonlashgan hollarda tijorat banklarini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha choralarini taqdim etish;

uch yilgacha boʻlgan muddatga foizsiz byudjet ssudalarini ajratish orqali soliq toʻlash muddatlari boʻyicha kechiktirish taqdim etilishi hamda tadbirkorlik faolligining sustlashishi munosabati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarida olinmay qolinadigan daromadlar oʻrnini toʻldirishga alohida eʼtibor qaratilganligi tahsinga sazovordir.

Bizning “Zarafshan Golden Group” kompaniyasi qurilish, mehmonxona va restoran xizmati, toʻqimachilik, metall konstruksiyalar, tosh minerallarini qayta ishlash, temir-beton, gʻisht, ohak, tuz kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish, meva-sabzavotchilik, chorvachilik yoʻnalishlarida samarali faoliyat koʻrsatib kelayapti. Kompaniya oʻz oldiga yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarish orqali oʻz milliy brendini yaratish hamda zamonaviy arxitektura talablariga asosida sifatli uy-joylarni barpo etishni maqsad qilib qoʻygan. Shuningdek, Rossiya, Xitoy, Ispaniya, Finlyandiya, Turkiya, Qozogʻiston kabi mamlakatlarning yetakchi kompaniyalari bilan uzoq yillik hamkorlik shartnomalariga egamiz. Qurilish sohasiga zamonaviy texnologiyalarni keng jalb qilgan holda mahsulot ishlab chiqarish hajmini kamida ikki barobarga oshirib, yirik shaharlarda koʻp qavatli turar-joylar va ijtimoiy obyektlar bunyod etilmoqda. Jonajon Vatanimiz “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” ezgu gʻoyasi asosida shiddat bilan taraqqiy etmoqda.

Tadbirkorlikda yashirin iqtisodiyotga yoʻl qoʻymasdan halol va vijdonan faoliyat yuritishni, yangi ish oʻrinlarni yaratishni oʻz oldimizga ustuvor vazifa sifatida qoʻyganmiz. Oʻylaymanki, jamiyatimizning barcha qatlamlari, jumladan biz kabi tadbirkorlar ham kelgusidagi faoliyatini toʻgʻri tashkil etib, aniq maqsadlarni koʻzlagan loyihalarni amalga oshiradi.

Xalqimizda “Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar” degan dono maqol bor. Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni ragʻbatlantirish, aholini samarali ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, mamlakat aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olishdagi qoʻllab-quvvatlashlarga javoban biz, tadbirkorlar ham qarab turmaymiz. Bu sinovli vaziyatda davlatimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz va barcha tadbirkorlarni shunga daʼvat etaman.

Ulugʻbek FAYZIYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi,
“Zarafshan Golden Group” kompaniyasi taʼsischisi.

684
OʻzA