O‘zA O`zbek

31.08.2018 19:32 Chop etish versiyasi

Halol mehnatning munosib eʼtirofi

Halol mehnatning munosib eʼtirofi Istiqlol shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan turli jabhalarda koʻp yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan yurtdoshlarimiz Vatanimizning yuksak unvonlari – orden va medallar bilan taqdirlanmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu yil mazkurmukofotlar oʻz egalariga eng ulugʻ, eng aziz ayyom arafasida tantanali tarzda topshirilmoqda. Bu esa mustaqillikning qadrini yanada teranroq anglashda, bayramga koʻtarinki ruh, quvonchga quvonch qoʻshishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida Prezidentimizning 2018 yil 28 avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma yetti yilligi munosabati bilan fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, adabiyot, madaniyat, sanʼat, maʼnaviyat va maʼrifat hamda ijtimoiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmoni asosida yurtimizning nufuzli unvon, orden va medallariga munosib topilgan hamyurtlarimizga mukofotlarni tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Milliy madaniyatimiz va sanʼatimiz, maʼnaviyat, maʼrifat, ilm-fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash sohasi rivojiga koʻrsatilayotganeʼtibor ijodkor ziyolilarni yanada faollikka, oʻz kasbiga sadoqat, fidoyilik bilan yondashishga chorlamoqda.

Xalqimiz Oʻzbekistonimiz mustaqilligining 27 yillik sanasini koʻtarinki kayfiyat bilan tantana qilmoqda. Ishlab chiqarish, ilm-fan, sogʻliqni saqlash, adabiyot, maʼnaviyat va maʼrifat sohalarida fidokorona faoliyati bilan millionlab hamyurtlarmizga oʻrnak boʻlayotgan ijodkor ziyolilar mehnatining eʼzoz va eʼtibor topayotgani inson mehnatini qadrlash, yurtdoshlarimizni yangi-yangi marralar sari ruhlantirish yoʻlidagi ezgu intilishning amaliy namunasidir. Ular safida turli soha, millat va elat vakillari, yoshlar borligi diqqatga sazovordir.

Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston xalq artisti, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi X.Lutfullayev, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi L.Moʻminova, “Usto” uyushmasi aʼzosi, usta kulol, “Doʻstlik” ordeni sohibi S.Ivanov maʼnaviy hayotimizni yuksaltirish, milliy madaniyatimiz va sanʼatimizni yanada ravnaq toptirish, ijodkor ziyolilarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash yoʻlidagi cheksiz gʻamxoʻrligi uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

– Bularning bari Prezidentimizning maʼnaviyatga, madaniyat va sanʼat, ilm-fan, taʼlim rivojiga koʻrsatayotgan eʼtiborining yorqin namunasi, – deydi Oʻzbek Milliy akademik drama teatri aktyori, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi Yodgor Saʼdiyev. – Nainki mening faoliyatim, balki butun teatrimiz, ijodiy jamoa, sahna fidoyilari mehnatiga berilgan eng xolis baho shu ordenda mujassamdir.

Tantanali tadbirda mukofotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi X.Sultonov topshirdi.

Nazokat Usmonova, Farhod Abdurasulov (surat) OʻzA
1 324