O‘zA O`zbek

25.08.2018 16:35 Chop etish versiyasi

Halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oila aʻzolari Xitoyga boradi

Halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oila aʻzolari Xitoyga boradi
Shu yilning avgust-sentyabr oylarida Qurolli Kuchlarimizda xizmat vazifalarini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oila aʻzolari uchun Xitoy Xalq Respublikasiga 10 kunlik madaniy sayohat uyushtiriladi.

Shu munosabat bilan Qurolli Kuchlari davlat muzeyida sayohatga joʻnatilayotgan bir guruh harbiy xizmatchilarning oila aʻzolarini tantanali kuzatish marosimi oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri oʻrinbosari, polkovnik A.Ikramov, Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim, harbiylar va ota-onalar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimiz sarhadlarini himoya qilish yoʻlida qahramonlik koʻrsatib, mardlarcha halok boʻlgan askarlar xotirasini abadiylashtirish, oilasi, yaqinlariga gʻamxoʻrlik koʻrsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar navqiron avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilayotgani alohida taʻkidlandi.

12.JPG

Prezidentimizning 2018-yil 4-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining maʻnaviy-maʻrifiy saviyasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal vazifasini oʻtamoqda.

Sirdaryo tumanidagi oddiy dehqon oilasida dunyoga kelgan, Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari safida shartnoma asosida xizmat burchini oʻtagan, katta serjant Elomon Otajonov 2000-yilning 11-avgust kuni Surxondaryo viloyati Uzun tumanida boʻlgan jangovar harakatlarda dushman oʻqidan yaralanib, qahramonlarcha halok boʻlgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 25-avgustdagi farmoniga muvofiq, oʻlimidan keyin “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Elomonning otasi Xolmurod aka Otajonov koʻp yillar fermer boʻlib ishladi. Onasi Yanglish opa Otajonova maktabgacha taʻlim muassasasida tarbiyachi boʻlib 30 yildan ziyod mehnat qildi va ayni chogʻda ular nafaqada. Otajonovlar Elomondan tashqari yana 2 oʻgʻil, 2 qizni voyaga yetkazib, uyli-joyli qildi. Hozir 9 nabiraning bobo va buvisi.

– Elimiz osoyishtaligi, yurt tinchligi uchun jon fido qilgan oʻgʻlonning onasi ekinimdan faxrlanaman, – deya eslaydi Yanglish opa Otajonova. – Oʻgʻlimning jasoratini nabiralarimga gapirishdan aslo charchamayman. U har doim yurtiga, oilasiga munosib inson boʻlishga intilib, halollik, poklik, sadoqat bilan el xizmatida boʻldi. Elomon uchun harbiy xizmat, eng avvalo, oila tinchligi, turmush farovonligi va Vatan himoyasi yoʻlidagi sharafli kasb namunasi edi. Men baxtli onaman. Davlatmiz tomonidan farzandlarimiz xotirasini abadiylashtirib, biz ota-onalarga mana shunday alohida eʻtibor koʻrsatayotganidan esa xursandmiz.

Tadbirda soha xodimlari barchani Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi bilan tabrikladi. Ularga sayohat safariga oid turli maʻlumotlar va esdalik sovgʻalari berildi.

A.Musayev, О.Мирсоатов (сурат), OʻzA
1 977