O‘zA O`zbek

20.08.2018 20:10 Chop etish versiyasi

Halimasi o‘tdi o‘zbekning

Halimasi o‘tdi o‘zbekning Daryo edi hech qaytmagan shashtidan,

Ko‘kragida oriyati yuz bekning,

Yo‘lbarsday o‘kirib Turon dashtidan,

Halimasi o‘tdi bugun o‘zbekning.

Enajonim seni so‘rab el keldi,

Bolajon deb sirib bog‘lab bel keldi,

Enasoyning bo‘ylariga sel keldi,

Halimasi o‘tdi bugun o‘zbekning.

Yig‘la, xaqqing bordir yig‘lamoqlikka,

Tig‘-la bag‘ri diling tig‘lamoqlikka,

Ikki daryosini o‘rab oqlikka,

Halimasi o‘tdi bugun o‘zbekning.

Qon yig‘ladi Qodiriy deb, Usmon deb,

Qabring qayda Abdulhamid Cho‘lpon deb,

Ota turkning qaddi bo‘lsin osmon deb,

Halimasi o‘tdi bugun o‘zbekning.

Nurga to‘lsin yorug‘ olam deb o‘tdi,

She’rim – dilda aziz nolam deb o‘tdi,

Har turkiyni jonim bolam deb o‘tdi,

Halimasi o‘tdi bugun o‘zbekning.

Ayol edi axir yoriga suyuk,

Ayolki kiftida she’riyatdek yuk,

To‘marisim mening, yagonam,

Buyuk Halimasi o‘tdi bugun o‘zbekning.

Bir umr kuyundi, bir umr yondi,

Ko‘zyoshmi kiprikdan qog‘ozga tomdi,

Tilla qalamini kimga ishondi,

Halimasi o‘tdi bugun o‘zbekning.

Dunyoga ko‘ndalang qo‘yilgan savol,

Toki Vatan bordir topmagay zavol,

Dor ustida mag‘rur tik ketgan ayol,

Halimasi o‘tdi bugun o‘zbekning.

Kim xalqim der, kim yashaydi mulkim deb,

Yo rab birov so‘roqlamas bul kim deb,

Olov kechib Abut Turk deb, erkim deb,

Halimasi o‘tdi bugun o‘zbekning.

Dilda iymon kalimasi o‘lmaydi,

Turku Turon Halimasi o‘lmaydi,

Adabiyot — onajonim yig‘lama,

Tog‘laring tuproqqa ko‘mib bo‘lmaydi.


Ahror BAYZO,
shoir (Sirdaryo).

2 107